Bundan bir yil avval mamlakatimizda butunlay yangi tizim – “mahalla bankiri” va “yordamchi-agent”lar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi. Ular hududning biznes imkoniyatlarini o‘rganib, aholining g‘oyalarini loyihalarga aylantirishda muhim rol o‘ynamoqda.
“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki ham mazkur jarayonlarda faol ishtirok etib, respublikamiz bo‘ylab jami 101 ta mahallada “mahalla bankiri” va “yordamchi-agent”lar lavozimini joriy etdi. Natijada aholi bandligini taʼminlash va daromadini oshirish bo‘yicha mikroloyihalarni moliyalashtirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish yuzasidan bir qator ishlar olib borildi. Xususan, yanvar-dekabr oylarida 76 mlrd 200 mln so‘mlik 4 ming 285 ta mikroloyiha amalga oshirildi. Buning natijasida 8 ming 803 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Albatta, ana shunday yaxshi natija ko‘rsatgan “mahalla bankiri” va “yordamchi-agent”larni rag‘batlantirish, malakasini muntazam ravishda oshirib borish masalalariga ham ustuvor ahamiyat qaratildi. Xususan, Namangan va Samarqand shaharlarida “teambuilding” tadbirlari o‘tkazilib, yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan bir guruh “mahalla bankiri” va “yordamchi agent”lar faxriy yorliq hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Mahalla bankiri” ko‘magida ish beruvchi bo‘ldim!”
Andijon viloyati Paxtaobod tumanida istiqomat qiluvchi Muzaffar Ergashev o‘zining oilaviy tadbirkorligini yo‘lga qo‘yib, qurilish materiallari (penablok va gazoblok) materiallarini ishlab chiqarmoqda. U “Trastbank”ning “mahalla bankiri” ko‘magida bankdan imtiyozli kredit olib, o‘z faoliyatini kengaytirgan. Mazkur ishlab chiqarish sexining oylik daromadi o‘rtacha 11,2 mln so‘mni tashkil etadi.
– Ishni boshlaganimizda ikki kishi edik, men va akam, – dedi tadbirkor M.Ergashev. – Bir kun ko‘chamizda mahallamiz bankiri Hasanxon ukamizni ko‘rib qoldim. U tadbirkorlar uchun ko‘plab imkoniyatlar berilayotganligini, imtiyozli kreditlar ajratilayotganligi aytdi. Biz oilaviy tanishib chiqdik va bu imkoniyatdan unumli foydalanishga qaror qildik. To‘g‘risi, bunaqa past foizli imtiyozli kredit biz kabi endigina “oyoqqa turayotgan” tadbikorlar uchun juda zarur, deb bilaman. Ko‘rib turganingizdek, kredit mablag‘lari evaziga yangi uskuna sotib oldik. Bu ishlab chiqarish hajmini va tezligini oshirdi. Tabiiyki, ishchi kuchiga ham ehtiyoj sezildi. Mahallamizdagi 6 nafar yoshni ishni bilan ta’minladik. Endi men ishchi emas, aksincha, ish beruvchi bo‘ldim. Rejalar ko‘p, ularni amalga oshirishda yana “mahalla bankiri”ning yordamidan foydalanamiz.
Bu sa’y-harakatlar butun mamlakatimiz bo‘ylab o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Birgina poytaxtimizning tanlab olingan mahallalarida yil davomida 500 ta 6 mlrd 400 mln so‘mlik mikroloyiha ishga tushirildi. Buning natijasida mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Agar poytaxt misolida “mahalla bankir”larining bajargan ishlarini sarhisob qiladigan bo‘lsak, qator hududlar, jumladan, Bektemir tumanida mikroloyihalar, yaratilgan yangi ish o‘rinlari hamda aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlar ijobiy natijalarni ko‘rsatganligini ko‘rish mumkin. Tumanda “mahalla bankiri” va “yordamchi-agent”lar tomonidan tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolar bilan individual ish olib borilib, loyihalar aholining taklif va ehtiyojlaridan kelib chiqib shakllantirildi. “Iykota” mahallasida tashkil etilgan “Yangi avlod” xususiy nodavlat ta’lim muassasasi ana shular jumlasidandir.
Ushbu NTM joriy yil boshida ish boshlagan bo‘lib, “Trastbank” “mahalla bankiri” yordamida bankdan imtiyozli kredit olgan. Natijada 10 ta yangi ish o‘rni yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Muassasasa direktorining ta’kidlashicha, yana shu imtiyozli kreditdan foydalanib, yaqin kunlarda ana shunday ta’lim-tarbiya maskani ochish reja qilingan.
Muxtasar qilib aytganda, hududlarda savdo, xizmat ko‘rsatish, maishiy xizmat va ishlab chiqarish yo‘nalishlarida qator mikroloyihalar ishga tushirildi. Ularni moliyalashtirishda “Trastbank”ning imtiyozli kredit mahsulotlari muhim o‘rin tutdi. Aytish joizki, mahallaga tushgan har bir loyiha – faqat iqtisodiy natija emas, balki ijtimoiy barqarorlik, aholi turmush darajasining oshishi va kelajakka ishonch demakdir.

Manba:
ko'rsatilmagan
/
Ko'rishlar:
13



