Tahliliy sharhlar
2021 yil “Trastbank” uchun samarali yil bo‘ldi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda bank-moliya tizimini takomillashtirish, ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Shu o‘rinda “Mijoz bank uchun emas, Bank – mijoz uchun” tamoyili asosida faoliyat yuritib, aholi manfaatlari ustuvorligini ta’minlamoqda.
Shu jumladan, bugungi kunda “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki tomonidan barcha turdagi bank mahsulotlari va xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Mijozlar ishonchini oqlashni o‘ziga asosiy vazifa qilib olgan moliya muassasasi 2021 yilda bir qator muvaffaqiyatlarga erishdi.
Xususan, “Axbor Reyting” milliy reyting agentligi “Trastbank”ning 2021 yil uchun kredit reytingini “Ijobiy” prognozi bilan “UzA+” darajasida yangiladi. Bu esa bankning bozordagi asosiy ko‘rsatkichlari o‘sib borayotgani, aktivlarning yuqori sifati, moliyaviy ko‘rsatkichlarning yaxshilanganligi, bozordagi o‘rinlarning mustahkamlanganligini, qolaversa, kapitallashuv va rentabellikning o‘sishini aks ettiradi. 2021 yil yakuni bo‘yicha Bank aktivlarining rentabelligi 6,5 foiz, kapitalning rentabelligi ko‘rsatkichi esa 38,1 foizni tashkil etdi.
Bundan tashqari, “Trastbank” likvidlik, rentabellik, kapitalning yetarliligi, aktivlar sifati va daromadliligi bo‘yicha yetakchi banklar qatoriga kiradi.
Qolaversa, 2021 yilning noyabr oyida “Fitch Raitings” Moskva London reyting agentligi Bankning xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli emitent defolt reytingini “Barqaror” prognozi bilan “B” darajasida tasdiqladi.
E’tiborlisi, “Trastbank” O‘zbekistondagi banklar o‘rtasida birinchilardan bo‘lib korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro ISO (37001) sertifikatini oldi. Shuningdek, sifat menejmenti tizimining ISO (9001) standartiga muvofiqligini tekshirish bo‘yicha ikkinchi tekshiruvdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Korporativ boshqaruv tizimining darajasi “Yuqori” deb tan olindi.
2021 yil yakunlariga ko‘ra, buxgalteriya hisobining halqaro moliyaviy standartlari bo‘yicha sof foyda ko‘rsatkichi 1,4 barobarga oshib, 430 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etdi. E’tiborlisi, joriy yil boshida bank mijozlarining soni 800 ming nafardan oshgani bu bankning ishonchli hamkor ekanligi va o‘z navbatida, mijozlar ishonchini qozonib borayotganidan dalolatdir.
Yana bir jihat. 2021 yilda Bank o‘z kapitalini ko‘paytirish bo‘yicha olib borilgan bir qator ishlar natijasida uning hajmi 1 trillion so‘mdan oshdi.
2021 yil filiallar tarmog‘ini rivojlantirish borasida ham muhim va samarali bo‘ldi. Xususan, o‘tgan yilda ikkita yangi – Buxoro va Bektemir filiallari foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, Bankning Namangan, Andijon, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida to‘rtta yangi xalqaro pul o‘tkazmalari punktlari ochildi. Shuningdek, “Nukus”, “Navoiy” va “Qushbegi” bank xizmatlari markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Raqamlarga tayanadigan bo‘lsak, 2021 yil davomida bank xizmatlari markazlari 1,3 barobar, valyuta ayirboshlash shoxobchalari 1,4 barobar, chakana savdo kassalari esa 1,6 barobarga ko‘paydi.
Bundan tashqari, aholining plastik kartochkalardan faol foydalanishini hisobga olgan holda bank tomonidan qo‘shimcha ravishda 300 mingga yaqin plastik kartochka muomalaga chiqarildi va 12 mingga yaqin statsionar savdo terminallari o‘rnatildi. Bugungi kunda 200 ta, shu jumladan, 60 ta ko‘p funksiyali bankomat mijozlarga tunu-kun xizmat ko‘rsatmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Bank o‘z faoiyati davomida xalqaro xamkorlik masalalariga ham ustuvor ahamiyat qaratib, qator kelishuvlarga erishib kelmoqda. Jumladan, Islom taraqqiyot banki boshqaruvchilar Kengashining qirq oltinchi yillik yig‘ilishi dasturi doirasida “Trastbank” Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi bilan
10 million AQSH dollari va Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi bilan 15 million AQSH dollari miqdorida shartnomalar tuzdi. E’tiroflisi, Bankimiz “Xalqaro Islom savdo va moliya korporatsiyasining eng faol va barqaror hamkori” deb topildi.
Bundan tashqari, birja mijozlarining hisob-kitob operatsiyalarini ta’minlash maqsadida “Trastbank”, “O‘zRTXB”AJ va Qozog‘iston Respublikasining “Sentr kredit” banki o‘rtasida uch tomonlama Memorandum imzolandi.
Shuningdek, “Islom oynasi” loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirish doirasida Bank va ICS Finance System IT-kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Muxtasar qilib aytganda, “Trastbank” yildan-yilga ravnaq topib, mijozlar ishonchini qozonib kelmoqda. Istiqbolda ham ushbu sa’y-harakatlar jadal davom ettiriladi.