Размер шрифта: A A
Цвет сайта: A A A A
Mobil talqin
1287, +998 78 140-00-88
Ishonch telefoni
+998 71 207-36-45
Ish tartibi: DU-JU 09:00-18:00
Call center
1287,
+998 78 140-00-88
Ish tartibi: DU-JU 09:00-18:00
Aktsiyadorlarga tezkor bog'lanish
+998 78 140-00-88
Ish tartibi: DU-JU 09:00-18:00

«Zamin Bio Health»: Bank sarmoyasi asosida faol ishbilarmonlik muhiti yaratilmoqda

Yangilangan sana: ...
«Zamin Bio Health»: Bank sarmoyasi asosida faol ishbilarmonlik muhiti yaratilmoqda
27 Apr 2018

Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning pirovard maqsadi – inson va uning manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, xalqimiz manfaatlariga xizmat qiluvchi qo‘plab loyihalar ro‘yobga chiqarilmoqda.

Prezidentimizning 2017 yil 2-3 iyun kunlari Andijon viloyatiga amalga oshirgan tashriflarida bergan topshiriqlari hamda Davlatimiz rahbarining 2017 yil 23 fevraldagi «Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori ijrosi talablaridan kelib chiqib, joriy yilning 27 aprel kuni Andijon viloyatida «Trastbank» xususiy aksiyadorlik bankining moliyaviy ko‘magi asosida tashkil etilgan «Zamin Bio Health» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli insulin ishlab chiqarish zavodining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Korxonaning ochilish marosimida Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Boshqaruvi Raisi S.Normuxamedov, “Zamin Bio Health” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari A.Nizomov, manfaatdor vazirliklar va idoralar vakillari, tadbirkorlar, qishloq fuqarolar yig‘ini vakillari, korxona ishchilari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

DSCN3753.JPG

Ushbu zavod Markaziy Osiyo davlatlarida yagona hisoblanib, u asosan qandli diabet bilan kasallangan aholi uchun insulin dori vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Andijon viloyatining Andijon tumanidagi Xortum QFYda bo‘sh turgan 1,5 gektar er maydonida 2016 yilning oktabr oyida «Zamin Bio Health» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Insulin” zavodining qurilish ishlari boshlab yuborildi. Pudratchi sifatida Markaziy Osiyo, Rossiya va Yaqin Sharqda katta tajribaga ega bo‘lgan «Gulf pharmaceticals industries» kompaniyasi jalb qilindi. 1,5 gektar maydonda bosh pudratchi «Server Servis Health» xususiy qurilish-montaj korxonasi quruvchi-muhandislari zamonaviy zavod qurilishini yakuniga etkazdilar. Zavod atrofida keng ko‘lamdagi obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Qurilish-montaj ishlari uchun jami 2 mlrd. 800 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi, – deydi «Server Servis Health» xususiy qurilish-montaj korxonasi rahbari Ablamitov Server Marlenovich – «Zamin Bio Health» zavodini bunyod etishda murakkab konstruksiyali, noyob qurilish materiallaridan foydalanildi. Bino ichkarisi zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashgan. Shuningdek, zavod ishchi-mehnatkashlarining mehnat qilishlari uchun xavfsiz mehnat sharoitlari tashkillashtirilgan, ovqatlanishlari uchun qulayliklar, dam olishlari uchun shinam xonalar barpo qilindi.

Xususan, «Trastbank» xususiy aksiyadorlik bankining Andijon filiali tomonidan zavodning qurilishi va ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadlari uchun 2016 yilning oktabr oyidan boshlab, joriy yilning fevral oyiga qadar 14 mlrd. so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari ajratilishi ta’minlandi. Kredit mablag‘lari chet eldan zamonaviy uskunalar olib kelish uchun yo‘naltirildi.

Andijon viloyatida bankimiz krediti hisobiga mazkur zavodning ishga tushishi va yangi ish o‘rinlari yaratilgani muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi «Trastbank» xususiy aksiyadorlik banki Boshqaruvi Raisi Sardor Normuxamedov. 2017 yil davomida bankimiz tomonidan real sektorni kreditlashga 1 trln. so‘mdan ortiq mablag‘ joylashtirildi. Shulardan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga jami 450 mlrd. so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi. Ushbu sarmoyalar hisobiga 548 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

DSCN3779.JPG

Bugungi kunda import o‘rnini qoplash maqsadida chetdan keltirilayotgan bir qator zamonaviy shifo vositalarini yurtimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda boshlang‘ich sarmoya kiritish tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda muhim omil sanaladi.

Zavodimizda asosan qandli diabet bilan kasallangan bemorlar uchun insulin dori vositasini ishlab chiqarish mo‘ljallangan, – deydi korxona rahbari Avazbek Nizomov. – Hozirgi kunda O‘zbekiston bu turdagi dori vositalarini chet mamlakatlardan import hisobiga olib keladi. Bu zavod nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Zavodning ishga tushirilishi Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, nafaqat yurtimiz aholisiga to‘liq hajmda insulin dori vositalarini arzon va sifatli etkazib berish, balki butun Markaziy Osiyo davlatlariga mahsulot eksporti hajmini oshirishga erishiladi.

DSCN3781.JPG

Shuni alohida qayd etish lozimki, qandli diabet kasalligi bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, amalda qandli diabet bilan kasallangan bemorlar sonida yildan yilga o‘sish kuzatilmoqda. Bugungi kunga kelib, O‘zbekistonda 270 ming aholi qandli diabet kasalligi bilan kasallangan. Shundan 18 yoshdan yuqori bo‘lgan aholi o‘rtasida qandli diabet bilan kasallanganlar katta yoshdagi aholining 0,5 foizini tashkil qilib, har 12-15 yilda 2 barobar ko‘paymoqda.

1445780.1.1525065296.jpg

Demak, o‘tkazilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 yil mobaynida O‘zbekiston aholisiga jami 2 million 200 ming dona “Insulin” dori vositasi 3-4 AQSh dollaridan chet mamlakatlardan etkazib berilgan bo‘lsa, zavodimizning ishga tushirilishi mazkur dori vositasining tan narxi 2,5 AQSh dollarida aholiga etkazib berish imkoniyatini tug‘diradi.

Shu bilan birga, bugun zavodning ochilishida biz Andijon viloyati xalqining 100 nafar yoshlarini yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlashga erishdik. Kelajakda qo‘shimcha ravishda 23 nafar kollej bitiruvchilarini ham ishga qabul qilishni rejalashtirganmiz.

Kelajakda zavodimiz orqali yiliga 2 mln. AQSh dollari miqdorida «Insulin» dorisini eksport qilish rejalashtirilgan. Ushbu chora-tadbirlar natijasida biz import o‘rnini qoplash, eksportni rivojlantirish, farmatsevtika bozorida narx-navo mutanosiblashini ta’minlashga erishamiz. Shuningdek, zavodimizda yiliga 10 mln. dona flakondagi insulin dori vositasi ishlab chiqarilib, qandli diabet bilan kasallangan bemorlarimiz uchun arzon dori vositalarini etkazib berilishiga erishiladi. Biz mana shu ishlarni yo‘lga qo‘yishda bevosita hamkorlik qilgan «Trastbank» xususiy aksiyadorlik bankiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Prezidentimizning «Albatta, faqat zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, mustaqil fikrlaydigan, doimo el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashaydigan yoshlarimiz maydonga dadil chiqib, bugungi kunda hayotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan vazifalarni uddalashga qodir yoshlarimiz bugun hayotga kirib kelyapti. Bu barchamizda g‘urur va iftixor uyg‘otadi, albatta» – degan so‘zlari tasdig‘ini «Zamin Bio Health» zavodi yoshlari misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

– Shunday katta salohiyatga ega zavodlar dunyoning etakchi mamlakatlarida mavjud bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ulardan biri Andijonda ham barpo etildi va bu Prezidentimizning biz kabi yoshlarga imkoniyat yaratib, bildirgan yuksak ishonchining yana bir tasdig‘idir, – deydi zavod mutaxassisi Abdulxakimov Egamberdi Abduraxim o‘g‘li. – Zavodimiz chet eldan keltirilgan eng ilg‘or texnologiyalar asosida jihozlangan. Bizni xursand qilgani, ishlab chiqaradigan insulin dori vositasi nafaqat mamlakatimizda istiqomat qilayotgan qandli diabet bilan kasallangan aholining hayotiy zaruratiga aylangan dori vositasi bo‘lib xizmat qiladi, balki Markaziy Osiyo davlatlariga ham eksport qilinib, qandli diabet bilan kasallanganlar ehtiyojini qondiradi.

«Trastbank» xususiy aksiyadorlik banki davlat dasturlarida belgilangan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlarda faol ishtirok etish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga moliyaviy madad berish orqali mamlakatimizda aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosiga, aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlari yaratishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Tantanali ochilish marosimining ramziy lentalari kesilib, zavod ishga tushirilganligi rasman e’lon qilindi. Tadbir ishtirokchilari korxona faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, «Trastbank» xususiy aksiyadorlik banki ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini oshirish va xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirish barobarida, joriy «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, mijozlarning talab va ehtiyojlarini qondirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda kollej bitiruvchilariga samarali bank xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lida faol ishlarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Bu esa bankning mamlakat moliya bozoridagi mavqeini yanada mustahkamlab, yangi mijozlarni jalb etishga ham zamin hozirlaydi. 

Manba: Bank Axborot xizmati / Ko'rishlar: 2060
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech