Xabar berib borilayotganidek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tashabussi bilan o‘tkazilayotgan “Umumjahon pul haftaligi – 2026” tadbirlarida “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki ham faol ishtirok etib kelmoqda. Hududlarda mahalla ahli, o‘quvchi-yoshlar, talabalar ishtirokida turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Maqsad – aholining moliyaviy savodxonligini oshirish.

Bugun, 24-aprel kuni “Trastbank” XAB Bosh ofisida o‘tkazilgan navbatdagi tadbir ham ana shu maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Xalqaro moliya” kafedrasi talabalari uchun “Smart spending” – aqlli xarajatlar va moliyaviy tafakkur” mavzusida ochiq panel muhokamasi tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mutasaddilari, “Trastbank” XAB mas’ullari, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari, shuningdek, Bankning poytaxtimiz mahallalaridagi kutubxonalarida faoliyat yuritayotgan mas’ul xodimlar ishtirok etdi.

Talabalar ikki guruhga bo‘linib, uchta shart bo‘yicha o‘zaro bellashishdi. Xususan, “Smart spending”, zaxira jamg‘armasi, oqilona xarid, xarajatlarni to‘g‘ri taqsimlash to‘g‘risida berilgan savollarga tezkorlik hamda zukkolik bilan javob qaytarishdi.

Bundan tashqari, tadbirda talabalar va volontyor guruh a’zolari “Smart spending” bo‘yicha taqdimotlar qilishdi.

Hakamlar hay’ati tomonidan yoshlarning har bir shart bo‘yicha chiqishlari baholab borildi. Natijalarga ko‘ra, do‘stlik g‘alaba qozondi.

Shuningdek, tadbirda faol ishtirok etgan ishtirokchilar “Trastbank”ning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.






