2026-yil 13-aprel kuni “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Bosh ofisida “Bank kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari uchun ESG asoslari” mavzusida intensiv o‘quv kursi o‘z ishini boshladi.
Mazkur Dastur zamonaviy menejment sohasidagi yetakchi kompetensiya markazlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Kurs bankning yuqori bo‘g‘in rahbarlariga mo‘ljallangan bo‘lib, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruvning (ESG) asosiy jihatlarini qamrab oladi.
Besh kun davomida ishtirokchilar barqaror moliyalashtirish, “yashil” iqtisodiyot loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda korporativ mas’uliyatni oshirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganadilar. Olingan bilimlar bankning uzoq muddatli rivojlanish yo‘nalishini belgilovchi strategik qarorlarga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, ESG tamoyillarini joriy etish bu shunchaki jahon tendensiyalariga ergashish emas, balki barqaror o‘sish, shaffoflik hamda jamiyat va atrof-muhit oldidagi mas’uliyatni ongli ravishda tanlashdir. “Trastbank” uchun bu qadam nafaqat xalqaro standartlarga muvofiq o‘z mavqeyini mustahkamlash, balki global moliya bozorida bankning investitsiyaviy jozibadorligini sezilarli darajada oshirishni ham anglatadi.





