O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yil 16-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida banklar ishtirokida mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadli qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun banklar moliyaviy jihatdan mustahkam bo‘lishi, tashqi manbalardan 6 mlrd dollar jalb qilishi muhimligi ta’kidlangandi. “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki bu borada zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishda qator xalqaro moliya institutlari bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlab kelmoqda. Xususan, Islom taraqqiyot banki guruhi bilan doimiy ravishda hamkorlik qilib, mijozlarning loyihalarini moliyalashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etmoqda.
2025-yil 19-mart kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida “Trastbank” XAB va Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda hamkorlik aloqalarini kengaytirish, amaldagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv doirasida ushbu maqsadlarni o‘zida mujassam etgan navbatdagi yana bir hujjat imzolandi. “Trastbank” XAB va Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi o‘rtasida 20 million AQSH dollari miqdoridagi ikki tomonlama bitim imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur hujjatga ko‘ra, bank tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lami kengaytiriladi, tadbirkorlik va kichik biznes jadal rivojlantiriladi. Shuningdek, ushbu mablag‘lar bugungi kunda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan oziq-ovqat, tekstil, farmasevtika, umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish va boshqa shu kabi sohalarga yo‘naltiriladi. Buning natijasida esa bu tizimlar yanada kengayib, eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Manba:
ko'rsatilmagan
/
Ko'rishlar:
281