"Kompromatuzb" telegram kanalida "Trastbank" XAB Termiz filiali xodimlari o'z mijozlari bo'lgan o'nlab tadbirkorlarning juda katta miqdordagi mablag'larini tuya qilishibdi" mazmunida material e'lon qilingan.
Shuni ma'lum qilamizki,
Bankning ichki audit xizmati tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi davomida 2021-yil yanvar-aprel oylarida “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Termiz filiali sobiq bosh hisobchisi tomonidan ayrim mijozlarning hisobraqamidan birlamchi hujjatlarsiz pul mablag‘lari ko‘chirish bilan bog‘liq noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Ushbu holat qo‘shimcha ravishda Bosh bank xodimlari ishtirokida tuzilgan ishchi guruh tomonidan to‘liq o‘rganib chiqilgan.
Xizmat tekshiruvi natijalari va holat yuzasidan to‘plangan barcha materiallar holatga qonuniy baho berish maqsadida bankning o‘z tashabbusi bilan Surxondaryo viloyat prokuraturasiga yuborilgan.
Xodimning o‘z mehnat vazifalarini qo‘pol ravishda buzganligi, bank mijozlariga nisbatan moddiy zarar yetkazganligi sababli Termiz filiali sobiq bosh buxgalteri bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishli tartibda sudda ko'rib chiqilgan. 2022-yil 11-noyabr kuni Surxondaryo viloyat sudi Jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'ati apellyatsiya instantsiyasi tomonidan mijozlarga hamda Bankka yetkazilgan moddiy zarar sudlanuvchilar tomonidan qoplab berilishi yuzasidan sudning tegishli hujjati qabul qilingan.
Qolaversa, ushbu holat yuzasidan bank operatsiyalarini o‘tkazish va nazorat qilish bilan bog‘liq jami besh nafar mas’ul xodim, jumladan mansabdor shaxs filial boshqaruvchisi bilan ham mehnat shartnomalari belgilangan tartibda bekor qilingan.
Shuningdek, aniqlangan holatlar yuzasidan mijozlarga yetkazilgan moddiy zararlarning faqatgina hisobraqamdan asossiz ravishda ko‘chirilgan mablag‘lari doirasida amaldagi bank qonunchiligiga rioya etilgan holda tiklab berilgan.