Yurtimizda yangi yil bayrami kunlari yaqinlashib kelmoqda. Yangi yil – barcha uchun yoqimli va quvonchli bayramdir. Bu bayramni, ayniqsa, bolajonlar intiqlik bilan kutib, “Yangi yil mo‘jizasi”ni orzu qiladi hamda bu ularning hayolida deyarli g‘aroyib va sarguzashtlarga boy eng quvnoq bayramlardan biri hisoblanadi.

Ayni yangi yil bayrami arafasida, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki rahbariyati tomonidan an’anaga aylangan Nogiron bolalar “Kamalak” uyida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari va nogiron bolalar uchun xayriya tadbiri tashkil etildi.

Bilamizki, o‘zbek azaldan oliyjanob, sahovatpesha va ezgulik yo‘lida mol-mulkini xayr-ehson qiluvchi xalq hisoblangan. Ya’ni, xayr-sahovat, insonparvarlik va muruvvat xalqimizga xos ulug‘ an’ana. Ayniqsa, ko‘ngli o‘ksik insonlarga mehr ko‘rsatish, qalbini quvonchga to‘ldirish savobi ulkan amallar sirasiga kiradi. Sahovatni bir boqqa qiyoslasak, undagi “mevali daraxt”larni “ehson” deb atashimiz mumkin. “Ehson” yaxshilik qilish, yaxshilikni sochish ma’nosini anglatsa, uning lug‘aviy ma’nosi esa chiroyli amal qilishlikdir.

Biron bir kimsaga yaxshilik qilinsa, shuni bilish joizki, sizning sahovatingizdan u odam behad shod bo‘lishi barobarinda o‘zingiz ham bu himmatingizdan shunchalik zavq ola bilishingiz kerak. Bunday zavq faqat beminnat va xolislik ila yaxshilik qiluvchilarga nasib etadi hamda ezgulik yo‘lidagi sa’y-harakat natijasida inson qalbi xotirjam bo‘ladi.

Bugun mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush darajasi va sifatini yanada yaxshilash, ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatish hamda ularning jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi ekanligini ko‘rsatish maqsadida turli tadbirlar o‘tkazilayotgani, Prezidentimiz tomonidan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida “nogiron” so‘zi o‘rniga “nogironligi bo‘lgan shaxs” iborasini qo‘llash belgilangani yurtimizda inson omiliga bo‘lgan yuksak e’tiborning natijasi ekanidan dalolat beradi.
Darhaqiqat, har yili yurtimizning turli tumanlarida jismonan imkoniyati cheklangan insonlar uchun bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda, biroq ayni nogiron bolalar uchun tashkil etiladigan tadbirlar ezgulik ulashuvchi insonlarni befarq qoldirmaydi.

“Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankining bir guruh jamoasi ham bolajonlarga bir olam quvonch ulashish maqsadida ushbu shodiyona kechaga Qorbobo, Qorqiz va sevimli multfilm qahramonlari bilan tashrif buyurdi. Bolajonlar uchun ayniqsa, sevimli ertak qahramonlari bilan birgalikda bo‘lib o‘tgan Yangi yil bayrami o‘zgacha taassurotlarga boy bo‘ldi. Tadbirda yangragan jozibali kuy-qo‘shiq va raqslar, ertak qahramonlari ishtirokidagi qiziqarli sahna asarlari bolalarga bir olam quvonch baxsh etdi.

- “Bankimiz rahbariyati tashabbusi bilan uyushtirilgan bugungi tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad - ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari va nogiron bolalarni qo‘llab-quvvatlash, nogiron kishilarga nisbatan odamlarning ongini o‘zgartirish, shuningdek jamiyatda ularning to‘liq va teng ishtirokini ta’minlash, qolaversa murg‘ak qalb sohiblari bo‘lmish bu bolajonlarga quvonch ulashishdan iborat, - deydi “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Ishlar boshqarmasi departamenti direktori Sarvar Murodov.

Xususan, ijtimoiy muhtoj oilalar va nogironligi bo‘lgan kishilarga ko‘rsatilgan xayr-sahovat, mehr-oqibat, silai-rahm kabi ulug‘ fazilatlar doimo insonga ziynat bo‘lib kelgan. Bunday oliyjanob xislatlarni o‘zida mujassam eta olgan insongina el-yurtning og‘irini engil qila oladigan fazilatli shaxs hisoblanadi”, - deya so‘zini yakunladi Sarvar Murodov.






