Olijanoblik,ezgulik, mehr-muruvat kabi yuksak tuyg‘ular tinchlikning tamaltoshlaridir. Tinchlik shukuhli, farahbaxsh, farovon kunlar asosidir. Binobarin, ota-bobolarimiz duosida tinchlikning qadriga yetishga da’vat yangraydi, urush esa batamom qoralanadi. Inson bor ekan, xotira – muqaddas. Hech kim, hech narsa esdan chiqmaydi. Xalq bugungi tinch-xotirjam zamonni asrab-avaylash, qadriga yetish uchun ham urushni, uning qahramonlarini, g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan hech bir kishini xotirasidan forig‘ qilmaydi.
Mamlakatimiz Prezidentining “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida alohida ta’kidlanganidek: “Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat”, “E’tibor va g‘amxo‘rlik – insoniy burch” ekanligini anglatuvchi shior muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. Qadr – insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga olijanoblik bag‘ishlaydi”.
9 may – Xotira va Qadrlash kunini umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotganimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad yotibdi.
Joriy yilning 8 may kuni “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki jamoasi Shayxontohur tumanidagi “O‘rda” mahallasida istiqomat qilayotgan ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front ortida zahmat chekkan mehnat faxriylari va ularning oila a’zolarini fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 74 yilligi bilan samimiy qutlash maqsadida ular istiqomat qiladigan xonadonlarga tashrif buyurdi. Tashrif davomida urush faxriylari bilan samimiy muloqotlar o‘tkazib, ularning xol-ahvolidan boxabar bo‘ldilar, bayram sovg‘alari ulashdilar.
Ma’lumki, fashizmning tor-mor etilishida xalqimiz mislsiz qahramonlik ko‘rsatdi. Bu jahon urushida qariyb bir yarim million vatandoshlarimiz ishtirok etdi. Yuz minglab hamyurtimiz urush maydonlaridan nogiron bo‘lib qaytdi, salkam yarim million vatandoshimizning joni qonli janglarda uzildi. Urush yillarida o‘zbek xalqi tomonidan frontga 2 mingdan ortiq samolyot, ko‘plab jangovar texnika va o‘q-dorilar, yuzlabharbiy-sanitariya tezyurar poyezdlari, kata miqdorda oziq-ovqat, kiyim-kechak, dala oshxonalari, palatkalar va boshqa zarurmahsulotlar yetkazib berildi.
Xalqimiz boshiga tushgan bu musibatli, qorakunlarning zafarli xotimasi tinchlik va osuda hayotni qadrlash, Vatanga sadoqat hissi bilan yashash, tarixiy xotiraga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilib kelmoqda.
- 9 may – Xotira va Qadrlash kuni har bir oilada keng nishonlanadi, - dedi “Trastbank” Axborot xizmati xodimi. – Bizni dorilomon kunlarga yetkazgan, tinch-xotirjam, farovon turmush kechirishimiz, ilm olishimiz asosini yaratgan ana shu buyuk g‘alabani qo‘lga kiritishda mardu maydon bo‘lgan, jasorat ko‘rsatgan faxriylarimizni tabriklash, ularning sihat-salomatligidan xabardor bo‘lib turish har birimizga cheksiz ruhiy madad baxsh etadi. Qirg‘in barot jang maydonlarida mardlik va jasorat ko‘rsatgan, front ortida fidokorona mehnat qilib, bizning munavvar kunlarga yetishishimizga sharoit yaratgansiz muhtaram faxriylarga cheksiz minnatdorlik bildiramiz.
Darhaqiqat, xalqimizga xos insonparvarlik va bag‘rikenglik fazilatlari o‘ta mashaqqatli urush yillarida yana bir bora namoyon bo‘ldi. Boshpanasiz, ota-onasidan ayrilgan 1 millionga yaqin evakuatsiya qilingan bolalar, ayollar va keksalarga bizning ota-bobolarimiz boshpana berib, hatto bir burda nonlarini ham ular bilan baham ko‘rishgan. Ishonchim komilki, tarixning eng suronli, eng qahrli davrida yuksak insonparvarlik namunalarini ko‘rsatgan siz faxriylarning hayot yo‘lingiz kelgusi avlodlar uchun ibrat maktabi bo‘lib qoladi. Zero, tarix – bizlar uchun saboqdir, - deya so‘zini yakunladi Axborot xizmati xodimi.





