“Iste’mol kredit to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2018 yilda qonun loyihalarini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish Dasturining ijrosini ta’minlash maqsadida “Iste’mol kredit to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqdi.
Qonun loyihasi iste’mol kreditlash mexanizmlarini takomillashtirishga, shu jumladan fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining tovar, ish va xizmatlar bozoriga kirishi uchun keng yo‘l ochishga, shuningdek ishbilarmonlik va biznes muhitini yaxshilashga qaratilgan.
Qonun loyihasiga asosan, yuridik shaxslar bilan bir qatorda, yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham o‘zlari ishlab chiqargan tovar, ish va xizmatlarni iste’mol krediti orqali, shuningdek moliyaviy iste’mol kreditlash mexanizmidan foydalangan holda realizatsiya qilish huquqi berilmoqda.
Ayni vaqtda qonun loyihasida, tashqi savdoni erkinlashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida, moliyaviy iste’mol kreditini faqat O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tovar, ish va xizmatlar uchun berilishi bo‘yicha cheklov olib tashlanmoqda. Bu bilan fuqarolarga nafaqat respublikamizda ishlab chiqarilgan, balki xorijda ham ishlab chiqarilgan tovarlarni sotib olish uchun bank va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy iste’mol kreditlaridan foydalanish imkoni yaratiladi.
Qonun loyihasini ishlab chiqishda tegishli normativ-huquqiy baza o‘rganib chiqilgan va xorijiy davlatlarning huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunchiligi tahlil qilingan.
Qonun loyihasining to‘liq matni bilan quyida keltirilgan ilova orqali tanishish mumkin. https://regulation.gov.uz/uz/document/220




