Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Yangilangan sana:  8 May 2020, 00:05

Markaziy bank tomonidan yangi tahrirda ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risida”gi Nizomga kiritilgan asosiy o‘zgarishlar
7 May 2020

Bugungi kunda naqd pulsiz hisob-kitoblar hayotimizning ajralmas qismi bo‘lib, uning rivoji milliy iqtisodiyotning barqarorligi hamda mablag‘lar aylanishining tezlashishiga olib keladi.

Ma’lumki, yangi qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining "To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi Qonunining 21-moddasida, Markaziy bankka respublikamiz hududida naqd pulsiz to‘lovlarning amalga oshirilishi tartibini belgilash vakolati yuklatilgan.

Shuningdek, mazkur Qonunning qabul qilinishi to‘lovlar va hisob-kitoblarga oid normativ-huquqiy hujjatlarni to‘liq qayta ko‘rib chiqishni taqozo etdi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ba’zi normativ-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish hamda zamon talablariga moslashtirish yuzasidan olib borilgan amaliy ishlar doirasida "O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risida"gi Nizom yangi tahrirda ishlab chiqilgan holda Adliya vazirligida joriy yilning 13 aprelida 3229-son bilan davlat ro‘yxatiga olindi.

Ushbu normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqishda barcha tijorat banklari hamda keng jamoatchilik, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlarining taklif va mulohazalari ham o‘rganib chiqildi.

Mazkur Nizom "To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi Qonunning 33-moddasida keltirilgan to‘lov hujjatlari asosida naqd pulsiz hisob-kitoblarni tashkil etishga oid umumiy yondashuvlar va banklarda to‘lov hujjatlari almashinuvini tashkil etish, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning to‘lov hujjatlaridan foydalanib, naqd pulsiz hisob-kitoblarini amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Norma ijodkorligiga oid xalqaro standartlarga hamda mamlakatimizda idoraviy normativ hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalariga muvofiq, Nizomda asosiy tushunchalar ta’riflari keltirilgan bo‘lib, foydalanuvchilarga asosiy mazmunni qulay va oson tushunishga imkoniyati yaratildi.

Bundan tashqari, ushbu Nizomda banklar amaliyotida naqd pulsiz hisob-kitoblarda foydalaniladigan to‘lov hujjatlari turlari keltirilib, ularni rasmiylashtirish va banklarga taqdim etish tartibi batafsil yoritildi.

Jumladan, xalqaro to‘lovlar qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq, to‘lov hujjatlari olingan paytdan e’tiboran ikki operatsiya kunidan kechiktirmay bajarilishi belgilab qo‘yildi. Mazkur normativ-huquqiy hujjatda xalqaro to‘lovlarni amalga oshirish uchun bankka taqdim qilinadigan chet el valyutasidagi to‘lov hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi ham yoritib berildi.

Jahon tajribasidan kelib chiqib, yangi tushuncha – "valyutalash sanasi", ya’ni to‘lov hujjati asosida pul mablag‘larini oluvchining hisobvarag‘iga o‘tkazib berish sanasi, ya’ni to‘lov topshiriqnomasini ijro etish sanasi kiritilib, Qonun 48-moddasiga asosan to‘lov topshiriqnomasida ko‘rsatilgan valyutalash sanasi to‘lov topshiriqnomasi taqdim etilgan sanadan e’tiboran o‘n kundan oshmasligi kerakligi belgilandi.

Yangi tahrirdagi Nizomda qog‘oz shakldagi to‘lov hujjatlari bank operatsiya kuni davomida mijozlar bilan ishlash vaqtidan kelib chiqib qabul qilinishi, elektron shakldagi to‘lov hujjjatlari esa mijozlar bilan ishlash vaqtidan qati nazar qabul qilinishi aniq ko‘rsatib o‘tildi.

Akkreditiv bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish tartiblari xalqaro tajriba, bank amaliyoti hamda Fuqarolik kodeksi talablaridan kelib chiqib takomillashtirilgan holda bayon etildi.

Shuningdek, mijozlarning:

  • masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlari orqali yuborilgan elektron shakldagi to‘lov hujjatlari bank va mijoz o‘rtasida tuziladigan shartnomaga asosan identifikatsiya vositalari orqali tasdiqlangan holda bank tomonidan qabul qilinishi;
  • bank hisobvaraqlariga mablag‘lar kirim qilinishi uchun asos bo‘ladigan to‘lov hujjatlari nusxasini mijozga taqdim etish tartibi bank va mijoz o‘rtasida tuziladigan shartnomada ko‘rsatilishi;
  • soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha to‘lov topshiriqnomalari 2-son kartotekadan tegishli soliq organining yozma yoki elektron shakldagi murojaati hamda sud qarori asosida chaqirib olinishi;
  • qog‘oz shakldagi to‘lov hujjatlarining (to‘lov topshiriqnomasi va to‘lov talabnomasi) taqdim etish tartibi ham takomillashtirilib, oldingi Nizomda majburiy bo‘lgan uch nusxa o‘rniga mazkur to‘lov hujjatlarining ikki nusxasi taqdim etilishi belgilandi.

Yangi Nizomga muvofiq, banklar tomonidan mablag‘larni to‘lovchining bankiga kredit va ularga hisoblangan foizlari bo‘yicha muddatida to‘lanmagan qarzlar, shuningdek, kreditlar va ularga hisoblangan foizlar bo‘yicha muddatida to‘lanmagan qarzlarni kafil bo‘lgan shaxsdan undirish uchun akseptsiz to‘lov talabnomalari taqdim etilishi mumkinligi qayd etildi.

Akseptli to‘lov talabnomasini akseptlash muddati, mijozning hududiy joylashuvidan qat’i nazar, talabnoma to‘lovchiga topshirilgan kundan keyingi kundan boshlab besh operatsiya kuni yoki to‘lovchining asosli arizasi bilan murojaat qilinganda o‘n operatsiya kuni etib belgilandi.

Endilikda to‘lov talabnomalari qog‘oz shaklda yoki masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlari orqali elektron shaklda taqdim etilishi mumkin.

Bundan tashqari, akseptli va akseptsiz to‘lov talabnomalarining 2-son kartotekadan hisobdan chiqarilishi hamda ijro etilmasdan qaytarib yuborilishi sud qaroriga, mablag‘larni oluvchining arizasiga hamda mablag‘larni oluvchining faoliyati tugatilganligini tasdiqlovchi ma’lumotnomaga asosan amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi talablaridan kelib chiqib, soliq organlari tomonidan inkasso topshiriqnomalarini taqdim etish tartiblariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Moliya vazirligi tomonidan inkasso topshiriqnomalarini taqdim etish orqali to‘lovchilarning hisobvaraqlaridan mablag‘larni undirib olish holatlari ham amaldagi qonun hujjatlari normalariga muvofiq ravishda o‘z aksini topdi.

Ushbu Nizomda inkasso topshiriqnomalari bilan hisob-kitoblar tartibi soddalashtirilib, inkasso topshiriqnomasi mablag‘larni to‘lovchi yoki oluvchining bankiga qog‘oz yoki elektron shaklda taqdim etilishi mumkinligi belgilandi.

Ta’kidlash o‘rinliki, inkasso topshiriqnomasi nafaqat undiruvchining arizasi va sud qaroriga asosan, balki to‘lovchi tugatilganligini tasdiqlovchi ma’lumot asosida ham bekor qilinishi mumkin.

Shu bilan birga, yangi tahrirdagi Nizomdan:

- hozirgi kunda tijorat bankining hisob-kitob cheklari to‘lov instrumenti sifatida o‘z ahamiyatini yo‘qotganligi va amaliyotda bir necha yillardan beri qo‘llanilmayotganligi hamda "To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi Qonunda to‘lov hujjatlari ro‘yxatida mavjud emasligi sababli ushbu to‘lov hujjati bilan amalga oshiriladigan hisob-kitoblarga oid qoidalar;

- "To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi Qonunda bank kartasini elektron to‘lov vositasi sifatida emissiya qilish, undan foydalanish tartibi batafsil yoritilganligi, shuningdek, bank kartasining muomalada bo‘lishi boshqa normativ-huquqiy hujjatda yoritilganligi munosabati bilan bank kartasi orqali hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi;

- Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga majburiy to‘lovlarni undirish uchun, debitorlarning bank hisobvaraqlariga o‘zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasini ilova qilgan holda, soliq to‘lovchining soliq qarzi summasini undirish uchun va qonunchilikda nazarda tutilmagan boshqa hollarda inkasso topshiriqnomalarini taqdim etish normalari chiqarib tashlandi.

Xulosa o‘rnida qayd etish joizki, naqd pulsiz hisob-kitoblarning takomillashuvi va rivojlanishi natijasida banklarda hisob-kitoblarni tashkil etish samaradorligining yanada oshishiga, operatsion xarajatlarning kamayishiga hamda pul mablag‘lari aylanishining tezlashishiga erishiladi. Umuman olganda, ishlab chiqilgan Nizom respublikamizda naqd pulsiz hisob-kitoblar tartibini belgilovchi huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

So’rov

Nima sababdan «Trastbank» XAB mijozligini tanladingiz?

Valyutalar kurslari

 
1 USD
1 EUR
1 GBP
1 RUB
1 CHF
1 JPY
MB kursi
10139.30
11051.84
12333.44
141.35
10443.20
94.22
Sotib olish
10110.00
10500.00
12000.00
100.00
10000.00
70.00
Sotish
10200.00
11500.00
13500.00
160.00
11000.00
110.00
 
9.74
96.72
72.62
3.81
15.41
-0.43
MB kursi - 26.05.2020 dan ma’lumotlar
Sotib olish/Sotish - 08.05.2020 15:00 dan ma’lumotlar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech