“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Bosh ofisida Investitsiya faoliyatini muvofiqlashtirish va loyihalarni boshqarish departamenti tomonidan “mahalla bankiri” hamda “yordamchi-agent”lar uchun navbatdagi o‘quv seminari o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenting 2025-yil 17-yanvardagi “2025-yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mahallalarda “yordamchi-agent”lar faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali aholi hamda tadbirkorlik subyektlarini bank xizmatlariga jalb qilish, ularning moliyaviy savodxonligini oshirish yuzasidan taqdimotlar qilindi.
Xususan, “yordamchi-agent”lar aholi va bank o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik vazifasini bajaruvchi shaxs ekanligi ta’kidlanib, aholi bilan ishlash etikasi tamoyillari, ularning ishonchini qozonish va murojaatlar bilan ishlash, aholining ehtiyojlarini aniqlash va ularning moliyaviy savodxonligini oshirish to‘g‘risida tushuntirish berildi.
Bundan tashqari, seminarda Prezidentimizning “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni mazmun-mohiyati to‘g‘risida so‘z yuritildi. Jumladan, bank kartasi orqali to‘lov qilishning qulayliklari, ulardan xavfsiz foydalanish usullari, mobil banking xizmatlari hamda kiberxavfsizlik qoidalariga to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, “mahalla bankirlari” va “yordamchi-agent”lar tomonidan bildirilgan takliflar atroflicha muhokama qilinib, ularning savollariga batafsil javob qaytarildi.

Manba:
ko'rsatilmagan
/
Ko'rishlar:
36




