Размер шрифта: A A
Цвет сайта: A A A A
Mobil talqin
1287, +998 78 140-00-88
Ishonch telefoni
+998 71 207-36-45
Ish tartibi: DU-JU 09:00-18:00
Call center
1287,
+998 78 140-00-88
Ish tartibi: DU-JU 09:00-18:00
Aktsiyadorlarga tezkor bog'lanish
+998 78 140-00-88
Ish tartibi: DU-JU 09:00-18:00

“Trastbank” XAB biznes uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda

Yangilangan sana: 12 Noyabr 2025, 16:52
 “Trastbank” XAB biznes uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda
12 Noy 2025

“Trastbank” XAB oʻz faoliyat doirasini faol kengaytirib, biznes rivojini turli bosqichlarda qoʻllab-quvvatlash hamda global moliyaviy yechimlarga yoʻl ochish ustida ish olib bormoqda.
 2025-yil 12-noyabr kuni Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida “Trastbank” XAB va Commerzbank AG (Germaniya) oʻrtasida ISDA Bosh kelishuvi imzolandi.
 Commerzbank AG - Germaniyaning eng yirik universal banklaridan biri boʻlib, umumiy aktivlari 555 milliard yevro, kapitali 36 milliard yevro va sof foydasi 3 milliard yevroga tengdir. Ushbu bank xalqaro loyihalarni faol moliyalashtirish orqali global iqtisodiyot rivojiga katta hissa qoʻshib kelmoqda.
 Ushbu ISDA Bosh kelishuvini imzolashdan koʻzlangan asosiy maqsadlardan biri – Oʻzbekiston Respublikasi kompaniyalariga oʻz mahsulotini ishlab chiqarishda qoʻllaydigan asosiy xomashyo narxlarining tebranishidan kelib chiqadigan moliyaviy xatarlarni boshqarish imkonini beruvchi, mutlaqo yangi va tarixda ilk bor taqdim etiladigan mahsulotni birgalikda joriy etishdir.
 Ushbu kelishuvga koʻra, banklar xomashyo narxlari tebranishining xavfini xedjlash operatsiyalarini amalga oshiradi. Bu operatsiyalar Xalqaro svoplar va derivativlar assotsiatsiyasi (ISDA)ning bosh kelishuvi asosida olib boriladi, chunki ISDA kelishuvi xedjlash bitimlariga oid moliyaviy munosabatlarni tartibga soluvchi standart hujjat hisoblanadi.
 Xedjlash – bu moliyaviy vositalarning bir turi boʻlib, u aktivlarni bozorning noqulay oʻzgarishlaridan himoya qilishga qaratilgan. Xususan, bu moliyaviy va tovar bozorlarida yuzaga keladigan xatarlarni sugʻurtalash imkonini beradi. Tovar xatarini xedjlash – Oʻzbekiston eksportchilari uchun strategik zaruratdir. Jahon bozorlarida xomashyo va tayyor mahsulotlar narxlarining beqarorligi kuzatilayotgan bir paytda, Oʻzbekiston eksportchilari tobora koʻproq tovar xatari muammosiga duch kelmoqdalar. Bu esa bozor narxlarining keskin tebranishlari ularning foydasi va biznes barqarorligiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligini anglatadi.
 Fyuchers, forvard va opsion shartnomalari vositasida tovar xatarini xedj qilish kompaniyalarga yetkazib berish narxini oldindan belgilab olish, shu bilan oʻzlarini jahon bozorlaridagi noqulay oʻzgarishlardan himoya qilish imkonini beradi. Ushbu yondashuv, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, paxta, mis, oltin va mineral resurslar eksportchilari uchun nihoyatda muhimdir, chunki ularning narxlaridagi arzimas tebranishlar ham ulkan yoʻqotishlarga sabab boʻlishi mumkin.photo_2025-11-12_16-11-39.jpg Tovar xedjlash vositalarini qoʻllash pul oqimlari va marjani barqarorlashtirish, moliyaviy natijalarning bashorat qilinuvchanligini oshirish, investorlar va kreditorlarning ishonchini mustahkamlash, shuningdek, uzoq muddatli rejalashtirish va barqaror oʻsish uchun mustahkam poydevor yaratish kabilarga xizmat qiladi.
 Joriy etilayotgan mahsulot mijozlarimizga xomashyo bozorlaridagi narxlar oʻzgaruvchanligi tufayli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan kutilmagan moliyaviy yoʻqotishlardan himoyalanishga, shuningdek, fyuchers, opsion yoki forvard shartnomalari kabi moliyaviy vositalar yordamida tovar narxlarining tebranishidan kelib chiqadigan zararlarni minimallashtirishga yordam beradi. Ushbu mahsulotning asosiy maqsadi – xomashyo narxlarining noqulay oʻzgarishlari oqibatida yuzaga keladigan moliyaviy yoʻqotishlarning oldini olishdir.
 Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining hozirgi bosqichida mamlakat eksport salohiyatini oshirish iqtisodiy islohotlarning ustuvor yoʻnalishi sanaladi. Belgilangan vazifalarni hal etishda eksportni qoʻllab-quvvatlovchi moliyaviy vositalardan foydalanish muhim rol oʻynaydi. Amaliyotda mahalliy eksportchilarni qoʻllab-quvvatlash uchun soliq va bojxona imtiyozlari, imtiyozli kreditlar berish kabi vositalar keng joriy etilgan. Barcha ushbu choralar mamlakat eksportining rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatib, mahalliy tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar ochadi. Ammo taʼkidlash joizki, beqaror iqtisodiyot, global inqirozlar va moliyaviy bozorlardagi yuqori oʻzgaruvchanlik sharoitida kompaniyalar uchun turli xatarlardan himoyalanish ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi.
 “Trastbank” XAB tomonidan joriy etilayotgan xomashyo narxlarini xedjlashga moʻljallangan yangi mahsulot – yaʼni, narxlarning mumkin boʻlgan tebranishlarini qoplab, kutilmagan zararlarning oldini oluvchi va muayyan davrdagi xatarlarni samarali boshqarish imkonini beruvchi moliyaviy vositalarni oldi-sotdi qilish – eksportchilarimizga jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirishga hamda tovar bozoridagi narx oʻzgarishlariga qaramay, ishlab chiqarish jarayonida daromad olishni aniq prognozlashga keng yoʻl ochadi.
 Oʻzbekistonda tovar xatarlarini xedjlash amaliyotini rivojlantirish nafaqat himoya chorasi, balki eksport biznesini strategik boshqarishning va mamlakatning global bozordagi raqobatbardoshligini oshirishning muhim omiliga aylanmoqda.

Manba: ko'rsatilmagan / Ko'rishlar: 32
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech