2025-yil 28–29-may kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Savdo-sanoat palatasi ko‘magida PLUS Group Xalqaro PLUS-Forum Digital Uzbekistan bo‘lib o‘tdi.
Beshinchi marotaba o‘tkazilayotgan mazkur Forumda bank, IT, kiberxavfsizlik, chakana biznes, ommaviy masofaviy xizmatlarni oʻzgartirish borasida taqdimotlar qilindi. Bundan tashqari, davlat xizmatlari va iqtisodiyotni raqamlashtirishni jadal rivojlantirishga qaratilgan oʻzaro manfaatli muloqotlar ham tashkil etildi. Forumda Yevropa, Yaqin Sharq, Janubi-Sharqiy Osiyo, Shimoliy va Janubiy Amerikaning qator davlatlaridan tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Plastik kartalar departamenti direktori o‘rinbosari Akbar Ibrohimov ham mazkur Forumda nutq so‘zlab, bankda yo‘lga qo‘yilgan raqamli moliyaviy xizmatlarga urg‘u berdi.
Ta’kidlanganidek, respublikamiz bo‘ylab bankning 600 dan ziyod bankomatlari kuniga 100 mingdan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda bankomat nafaqat naqd pul berish qurilmasi, balki to‘liq xizmat ko‘rsatish markazi, qolaversa, raqamli ekotizimning bir qismi, bank va mijoz o‘rtasidagi strategik aloqaning elementi ham hisoblanadi.
Bankomatlar tarmog‘ini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur doirasida “Trastbank” Litvaning “Penki Kontinentai” guruhi tarkibiga kiruvchi BS/2 xalqaro kompaniyasi bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda. Bu esa mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
Xulosa o‘rnida qayd etish joizki, mazkur nufuzli Forum xalqaro hamkorlik va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga zamin yaratdi.

Manba:
ko'rsatilmagan
/
Ko'rishlar:
115