O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tashabbusi bilan hududlarda “Umumjahon pul haftaligi – 2024” (Global money week – 2024) doirasida turli tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Bu jarayonlarda “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki ham faol qatnashmoqda.
Samarqand shahridagi 81-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlari shular jumlasidandir.
200 nafarga yaqin o‘quvchilar qatnashgan ushbu tadbir yosh avlodning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir, desak mubolag‘a emas. Zero, o‘g‘il-qizlar mashg‘ulotlar davomida moliya-iqtisod borasidagi bilim va ko‘nikmalarini yanada boyitishdi. Xususan, ularga Bank faoliyati, raqamli moliyaviy savodxonlik, raqamli xavfsizlik, NFC to‘lov tizimlari haqida tushunchalar berildi.
Qolaversa, o‘quvchilar guruhlarga bo‘linib, “Zakovat” intelektual o‘yini tarzidagi savol-javoblarda ham faol ishtirok etishdi.
Shuningdek, tadbirda qatnashgan o‘quvchi-yoshlarga “Trastbank” XABning esdalik sovg‘alari topshirildi.
#trastbankuz #trustbankuz #trustbank30yil #finlituzb #globalmoneyweek #umumjahonpulhaftaligi