“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki o‘zining 31 yillik faoliyati davomida zamonaviy amaliyot va xalqaro standartlar talablarini qo‘llashga ustuvor ahamiyat qaratib kelmoqda. Bu, albatta, tezkor va sifatli bank xizmatlarini taqdim etish barobarida mijozlar hamda biznes hamkorlar ishonchini oqlashda zamin yaratmoqda. Bundan tashqari, moliya muassasasi xalqaro reytinglarda yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etib, qator sertifikatlarga ega bo‘lmoqda. “ISO 9001:2015” standarti bo‘yicha sifat boshqaruv tizimiga muvofiq xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritib kelayotgani shular jumlasidandir.
Bugun, 17-oktabr “Trastbank” XAB Bosh ofisida ikkita xalqaro ISO sertifikatlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ulardan biri – “ISO 9001:2015” standarti bo‘yicha sifat boshqaruv tizimiga muvofiq xalqaro sertifikat.
Ta’kidlash joizki, ushbu hujjat bankning umumiy faoliyati va asosiy bo‘limlarida xalqaro sifat standartlari joriy etilgani va muvaffaqiyatli qo‘llanilayotganidan dalolat beradi. Qolaversa, moliya muassasasida sifat boshqaruv tizimini joriy etish doirasida qo‘yilgan vazifalar to‘liq bajarilmoqda. Bu tashqi audit natijalari va mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini yaxshilashga qaratilgan jarayonlarning samarali amalga oshirilayotgani bilan tasdiqlanadi. Bundan tashqari, tadbirda “ISO 37001:2016” xalqaro standartiga muvofiqligini tasdiqlovchi xalqaro sertifikat ham qayta taqdim etildi.
Ta’kidlash joizki, 2022-yilda “Trastbank” XAB mamlakatimizdagi banklar orasida birinchilardan bo‘lib, “ISO 37001:2016” xalqaro standartiga muvofiqligini tasdiqlovchi xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritgan edi. Mazkur hujjat tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashning samarali tizimini yaratishning usullarini o‘zida jamlagan, korrupsiyaga qarshi mukammal boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladigan xalqaro standartdir. U korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini ishlab chiqish, joriy etish, tahlil qilish va takomillashtirish uchun talab va ko‘rsatmalarni belgilaydi.
Joriy yilning aprel–may oylarida “Trastbank” XAB “ISO 37001:2016” xalqaro standart talablariga muvofiq korrupsiyaga qarshi kurashish sifat menejmenti tizimini qayta sertifikatlash auditidan o‘tkazildi va bu muvaffaqiyatli himoya qilindi.
Mazkur sertifikatlarning qayta taqdim etilishi bu “Trastbank” XABning mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatishini tasdiqlaydi, ISO standartlarini joriy etishda tizimli ish olib borilayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, mijozlar hamda hamkorlar ishonchini yanada mustahkamlaydi.

Manba:
ko'rsatilmagan
/
Ko'rishlar:
4