2024-yilda “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki tashabbusi bilan poytaxtimizdagi “Al-Xorazmiy”, “Beltepa”, “Beshqayrag‘och”, “Bo‘ston”, “Kamolon darvoza”, “Gulobod” mahallalarida shinamgina kutubxonalar tashkil etilgan edi. Joriy yilda ushbu sa’y-harakatlar davom ettirilib, Bektemir tumanidagi “Iyk ota” mahallasida ham ko‘rkam kutubxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bugun mazkur ziyo maskanlari kitobxonlar bilan gavjum. Jahon va milliy adabiyoti durdonalari, bolalar uchun qiziqarli asarlar to‘plami, qolaversa, ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ahamiyatga ega jami 7 mingga yaqin kitoblar yosh-u keksada birdek qiziqish uyg‘otmoqda.
Yana bir jihat, mahallalarda ana shunday kutubxonalar tashkil etilishi yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham xizmat qilmoqda. Ya’ni ushbu hududda istiqomat qiluvchi, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslar, qolaversa, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi 7 nafar fuqaroning bandligini ta’minlashga erishildi.
Muxtasar qilib aytganda, “Trastbank”ning mahallalarda ilm ziyosini ulashish tashabbusidan barcha birdek mamnun bo‘lmoqda.

Manba:
ko'rsatilmagan
/
Ko'rishlar:
76