“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki tomonidan tashkil etilgan kutubxonalarda muntazam ravishda madaniy-ma’rifiy tadbirlar, kitobxonlik bellashuvlari, ochiq darslar o‘tkazib kelinmoqda. Bu hudud aholisi, ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga xizmat qilmoqda.
Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi “Al-Xorazmiy” mahallasida bunyod etilgan ko‘rkam kutubxona ham yosh-u keksa bilan gavjum. Ushbu ilm maskanining o‘quvchilari milliy va jahon adabiyoti dundonalari, bolalar adabiyoti kabi qator asarlarni zavq bilan mutolaa qilishmoqda. 17-sentabr – O‘zbekiston xalq yozuvchisi, dramaturg, tarjimon, o‘zbek adabiyotining yorqin namoyondasi Abdulla Qahhor tavallud topgan kun. Shu munosabat bilan bugun “Trastbank” XAB tomonidan “Al-Xorazmiy” MFYda tashkil etilgan kutubxonada tadbir o‘tkazildi. Unda moliya muassasasi mas’ullari, mahalla ahli, o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda Abdulla Qahhorning hayoti va ijodi haqida so‘z yuritildi. Ta’kidlanganidek, Abdulla Qahhor 1907-yili 17-sentabrda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tavallud topgan. U adabiyot olamiga hikoya janrining tengsiz ustasi bo‘lib kirdi. Uning ilk kitobi “Qishloq hukm ostida” nomli kichik qissa 1932-yilda nashrdan chiqqan. Shundan so‘ng yozuvchining “Olam yasharadi” va “Tangrining kulgisi” degan to‘plamlari chop etilgan. Adibning “Boshsiz odam” hikoyasi ayol qadr-qimmati, ozodligini kuylovchi asar hisoblanadi. Yozuvchining ilk romani – “Sarob” keng mavzuli bo‘lib, o‘sha davrdagi hayot manzaralarini real tasvirlagan.
Shuningdek, tadbirda o‘quvchilar yozuvchining asarlaridan mutolaa qilib, sahna ko‘rinishlarini namoyish etishdi. Abdulla Qahhor hayoti va ijodi haqida o‘tkazilgan savol-javobda zukkolik hamda tezkorlik bilan faol ishtirok etganlar kitoblar to‘plami bilan taqdirlandi.
Muxtasar qilib aytganda, “Trastbank” tomonidan tashkil etilgan kutubxonalar aholi orasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga zamin yaratmoqda. Ya’ni mahallalarda ilm ziyosini ulashmoqda.

Manba:
ko'rsatilmagan
/
Ko'rishlar:
17