Mamlakatimizda bank-moliya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, amaliyotga tatbiq etilayotgan zamonaviy standartlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Bugun “Mijoz bank uchun emas, Bank – mijoz uchun” tamoyili asosida faoliyat olib borayotgan moliya muassasalari aholi manfaatlari ustuvorligini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.
Mana, 29 yildirki, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki ham mijozlarga sifatli va tezkor bank mahsulotlari va xizmatlarini ko‘rsatib, xalqimizning ishonchini qozonib kelmoqda. Joriy yil I yarim yilligida moliya muassasasi mijozlarining soni 1 mln nafardan oshgani Bankning ishonchli hamkor sifatida tan olinganini bildiradi, desak mubolag‘a emas.

“Trastbank” – ishonchli hamkor
Ortda qolgan yillar mobaynida “Trastbank” xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlab, yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etdi. Sifat menejmenti tizimining ISO (9001) standartiga muvofiqligini tekshirish bo‘yicha tekshiruvlardan muvaffaqiyatli o‘tgani, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekistondagi banklar orasida birinchilardan bo‘lib xalqaro ISO (37001) sertifikatiga ega bo‘lgani shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, “Axbor Reyting” milliy reyting agentligi “Trastbank”ning 2022 yilning yakuni bo‘yicha kredit reytingini “Ijobiy” prognozi bilan “UzA+” darajasida yangiladi. Mazkur reyting bankning bozordagi o‘sib borayotgan mavqeyi va imijini, likvidlik holati va yetarli kapitallashuvi hamda faoliyatidagi moliyaviy natijalarning barqaror o‘sib borishini aks ettiradi. Qolaversa, bank o‘z ish faoliyatida kredit layoqatliligini oshirish bo‘yicha uzluksiz ishlar olib borayotganini tasdiqlaydi. “Trastbank” aktivlari va o‘z mablag‘lari rentabelligi bo‘yicha mamlakatimiz banklari orasida yuqori o‘rinlarni egallab turibdi. 2022 yil yakuni bo‘yicha Bank aktivlarining rentabelligi 9,5 foiz, kapitalning rentabelligi ko‘rsatkichi esa 43,48 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2018 yilga nisbatan 3 barobarga ko‘pdir.
Yana bir jihat. O‘tgan yilda “Standard&Poor’s Global Ratings” xalqaro reyting agentligi “Trastbank” XAB reytingini ilk bor “Barqaror” prognozi bilan “B+” darajasida tasdiqladi.
Mazkur xalqaro reyting agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, “Trastbank” uzoq vaqt mobaynida bank tizimi bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan kuchli moliyaviy natijalarni namoyon etmoqda. Bu esa uning biznesi barqarorligi va o‘sish istiqbollariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda hamda bank reytingini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. “B+” reytingi moliya muassasasining bank xizmatlari bozorida mustahkam o‘rin egallagani, barqaror mijozlar bazasi va uning yuqori darajadagi sodiqligini aks ettiradi.
“Trastbank” XAB xorijiy banklar va xalqaro moliya institutlari bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish doirasida ikki tomonlama hamkorlik, xususan, loyiha va savdoni moliyalashtirish, shuningdek, xalqaro hisob-kitoblar va g‘aznachilik kabi qator sohalarda o‘z pozisiyalarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha jadal ishlar olib bormoqda.
Xususan, “Trastbank” XAB va «AKA AUSFUHRKREDIT-GESELLSCHAFT mbH» (Germaniya) o‘rtasida asosiy kredit kelishuvi imzolandi. Uning doirasida «AKA AUSFUHRKREDIT-GESELLSCHAFT mbH» «Trastbank» xususiy aksiyadorlik bankiga Yevropaning yetakchi eksport kredit agentligi (ЕCА) “Euler Hermes” sug‘urta qoplamasi ostida investisiya loyihalarini, shu jumladan, kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun kredit liniyasini taqdim etadi. Germaniyaning AKA banki ishtirokida moliyalashtirish bank mijozlariga asosiy ishlab chiqarish fondlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, ularga yuqori texnologiyali uskunalardan foydalanish imkoniyatini beradi. Bu tayyor mahsulotlar sifatini yaxshilash, ularning assortimentini kengaytirish, xarajatlarni kamaytirish va yangi bozorlarni topishga yordam beradi.
Bundan tashqari, “Trastbank” va “Kyongnam Bank” o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv Memorandumi ikki moliya muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. Xususan, bank operatsiyalari, axborot texnologiyalari, kreditlar va bank depozitlarini berish borasida tajriba almashiladi. Qolaversa, yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Ta’kidlash joizki, “Kyongnam Bank” Janubiy Koreyaning yirik moliyaviy guruhi “BNK Finansial Group”ning bir qismi hisoblanadi. Mazkur kompaniyaning 473 ta filiali mavjud bo‘lib, ulardan 59 tasi xorijiy mamlakatlarda joylashgan. Uning aktivlari 100 mlrd AQSH dollaridan ziyodni tashkil etadi. Ushbu moliyaviy guruh tarkibiga kiradigan “Kyongnam Bank” 1970 yilda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, turli kredit mahsulotlari va kartalari, sug‘urta mahsulotlari kabi barcha turdagi bank xizmatlarini taqdim etadi.
O‘tgan yillarda “Trastbank” XAB Germaniyaning “CommerzBank” o‘rtasida o‘zaro kelishuv Memorandumi, qolaversa, Avstriyaning “Raiffeisen Bank International AG” banki o‘rtasida 30 million yevro miqdoridagi Bosh kredit shartnomasi, “Trastbank” XAB, O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi va “China Zheshang Bank” (Xitoy) o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi, shuningdek, Turkiyaning birinchi lisenziyalangan xalqaro pul o‘tkazmalari tizimi UPT o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolanganini ham qayd etish joiz.
Albatta, bu kabi hamkorlik aloqalari uzoq muddatli investisiya loyihalarini moliyalashtirish, ish samaradorligini yanada oshirish, mijozlarga yangi bank xizmatlarini taqdim etishda zamin yaratadi.

“Trastbank” xususiy sektorda qo‘shimcha 1 100 dan ortiq ishchi o‘rinlari yaratilishiga hissa qo‘shdi
“Trastbank” XAB mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va bu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratishga doir bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirib, bu borada xalqaro hamkorlikni kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratmoqda. “Trastbank” XAB Xususiy Sektorni Rivojlantirish Islom Korporasiyasi hamda Xalqaro Islom savdo-moliya korporasiyasi bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yganligi, qolaversa, moliya muassasalari rahbariyati o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilganligi va bu o‘zining ijobiy samarasini berayotganligini alohida ta’kidlash zarur.
“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Islom Taraqqiyot banki guruhiga kiruvchi islom korporasiyalari bilan hamkorlikni 2018 yilda yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, bugungi kunga qadar Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha islom korporatsiyasi va Xalqaro savdo-moliya islom korporasiyasi bilan jami 64 million AQSH dollari miqdorida 6 ta kelishuv imzolangan. Ular doirasida Respublikamizdagi kichik va o‘rta biznes subyektlarining jami 61 ta loyihasi moliyalashtirilgan. Hozirda ham istiqbolli loyihalarni islomiy shartlar asosida moliyalashtirish bo‘yicha ishlar jadal davom ettirilmoqda. Albatta, bu kabi sa’y-harakatlar hududlarda aholi farovonligini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishda xizmat qilmoqda. Xususan, yuqorida qayd etilgan loyihalar bo‘yicha xususiy sektorda qo‘shimcha 1 100 dan ortiq ish o‘rinlari yaratildi hamda 100 million AQSH dollaridan ziyod mahsulotlar eksport qilindi va 2 trillion so‘mdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarilib, ichki bozorga yo‘naltirildi.
Bundan tashqari, Xalqaro savdo-moliya islom korporasiyasi bilan 2019 yilda 4 million AQSH dollari, 2020 yilda 8 million AQSH dollari va 2021 yilda 15 million AQSH dollari miqdoridagi kelishuvlar imzolangan. Shu o‘rinda, Xalqaro savdo-moliya islom korporasiyasi Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lgan 57 ta davlatda ro‘yxatdan o‘tgan kichik va o‘rta biznes sub’yektlarining tashqi savdo faoliyatini moliyalashtirish uchun mablag‘lar ajratadi. Bugungi kunda ajratilgan mablag‘larning jami summasi 60 mln AQSH dollarini tashkil qiladi.
2021 yil 1 sentyabrda imzolangan kelishuvga asosan, “Trastbank” XAB mijozlarining xorijiy davlatlardan tovar va xom-ashyo mahsulotlarini import qilish maqsadida 12 oygacha bo‘lgan qisqa muddatli loyihalar, asbob-uskunalar va maxsus texnika vositalarini sotib olish uchun 24 oygacha bo‘lgan 35 ta loyiha moliyalashtirilgan. 2023 yil 24 yanvar kuni imzolangan qo‘shimcha kelishuvga asosan 15 million AQSH dollari miqdoridagi moliyalashtirish liniyasidan 2023 yil yakuniga qadar revolver moliyalashtirish liniyasi sifatida foydalanish imkoniyati yaratilgan. Ushbu mablag‘lar tekstil, farmasevtika, umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish, elektromobillar savdosi va boshqa yo‘nalishlarga yo‘naltirib kelinmoqda.
Albatta, “Trastbank”ning hududlarda aholi tadbirkorligini yanada kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish borasidagi sa’y-harakatlarini xalqaro hamkorlar ham yuqori baholamoqda. Gap shundaki, 2023 yilning 11 may kuni Saudiya Arabistoni qirolligi Jidda shahrida Islom taraqqiyot banki o‘tkazgan xususiy sektor bo‘yicha xalqaro forumda Xalqaro islom savdo-moliya korporasiyasi tomonidan “Trastbank” – kichik va o‘rta biznes yo‘nalishida eng yaxshi hamkor” deb e’tirof etildi. Bu esa, o‘z navbatida, “Trastbank”ning mijozlar uchun yanada qulay va tezkor xizmatlarni taqdim etishi, islom shariati shartlari asosida kichik va o‘rta biznes vakillarining loyihalarini moliyalashtirishda, eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratilishida munosib hissa qo‘shishida turtki bo‘ladi.
Ilk bor islom shariatlari asosida moliyaviy xizmat ko‘rsatadigan “Islom darchasi” tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 martdagi “Islom taraqqiyot banki guruhi va Arab muvofiqlashtirish guruhi jamg‘armalari bilan sheriklikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi bank sektoriga islomiy moliyalashtirish infratuzilmasini rivojlantirish doirasida Xususiy Sektorni Rivojlantirish bo‘yicha Islom Korporasiyasining maslahat yordamini jalb qilish belgilangan. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 maydagi “Islom taraqqiyot banki guruhi va Arab muvofiqlashtirish guruhi jamg‘armalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham Islom taraqqiyot banki guruhi va Arab muvofiqlashtirish guruhi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga urg‘u berilgan. Mazkur qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida 2019 yil 22 avgust kuni “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki va Xususiy Sektorni Rivojlantirish bo‘yicha Islom Korporatsiyasi (ICD) o‘rtasida “Maslahat yordami to‘g‘risida”gi shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, bank tizimiga “Islom darchasi” xizmatlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, hamkorlik va shariat shartlari asosida kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, bu borada xodimlarning bilim va ko‘nikmasini boyitish kabi masalalarga ham ustuvor ahamiyat qaratildi. Shu jumladan, Bank xodimlarining bilim va malakasini oshirish maqsadida ICD va Islom taraqqiyot banki guruhiga kiruvchi Islom ilmiy-tadqiqot va o‘quv instituti (IRTI) mutaxassislari ishtirokida islomiy moliyalashtirish xizmatlarini joriy etish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Mazkur o‘quv seminarlarini muvaffaqiyatli tamomlagan “Trastbank”ning xodimlariga Islom taraqqiyot banki ta’lim muassasasining maxsus sertifikatlari topshirildi.
Yana bir jihat. Loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun ICDning tavsiyasiga binoan “Trastbank” XAB yetakchi islom bankining dasturiy ta’minot kompaniyalaridan biri Iordaniyaning ICS Finansial Systems kompaniyasi bilan shartnoma tuzdi. Dasturiy ta’minotning imkoniyatlari va funksionalligini o‘rganish maqsadida ICSFS mutaxassislari bank xodimlari uchun uch oylik amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
Albatta, bu kabi sa’y-harakatlar yurtdoshlarimizga islom shariatlari asosida moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatishga zamin yaratadi. Joriy yil boshida “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki sho‘ba lizing kompaniyasi – “Trast Muamalat” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z faoliyatini boshladi. Uning asosiy vazifasi amaldagi qonunchilik doirasida samarali “Murabaha (Nasiya savdo)” va “Ijara (Lizing)” operasiyalarini amalga oshirish orqali moliyaviy xizmatlarni kengaytirish strategiyasini amalga oshirish, shuningdek, xalqaro islom moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirishdan iborat. Shuningdek, Markaz amaldagi huquqiy sharoitda taklif etilishi rejalashtirilgan shariatga mos moliyaviy mahsulotlarni o‘rganish va joriy etish bilan shug‘ullanadi.
14 ta filial, 112 ta BXM xalq xizmatida
“Trastbank” XAB hududlarda aholiga tezkor va sifatli bank xizmatlarini ko‘rsatish, aholi farovonligini oshirish hamda ularning tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirishida hissa qo‘shishni o‘z oldiga maqsad qilgan.
Shu nuqtayi nazardan filiallar tarmog‘ini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, o‘tgan besh yilda 4 ta yangi filial foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda ularning soni 14 taga yetdi. Bank xizmatlari markazlari 2018 yilga nisbatan 1,6 barobar, valyuta ayirboshlash shoxobchalari 2,5 barobar, chakana savdo kassalari esa 3,4 barobarga ko‘paydi.
Bundan tashqari, aholining plastik kartochkalardan faol foydalanishini hisobga olgan holda hozirda 423 mingdan ziyod plastik kartochka muomalaga chiqarilgan va 12 mingdan ortiq statsionar savdo terminallari o‘rnatildi. Hududlarda o‘rnatilgan 300 ta, shu jumladan, 100 dan ortiq ko‘p funksiyali bankomatlar aholiga tun-u kun xizmat ko‘rsatmoqda.
2018 yilda aktivlar miqdori 2,7 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda uning hajmi 8 trillion so‘mdan oshdi. Xuddi shunday kredit portfeli hajmi 3,4 trillion so‘mni tashkil etsa, bu ko‘rsatkich 2018 yilga nisbatan 2,7 barobarga ko‘pdir.
Darhaqiqat, o‘tgan vaqt mobaynida bank o‘z kapitalini ko‘paytirishga ustuvor ahamiyat qaratishi natijasida uning hajmi 1,6 trillion so‘mdan oshdi. Bu albatta, 2018 yildagi raqamlarga nisbatan 5,1 barobar ko‘p degani.
Umuman olganda, “Trastbank” doimo o‘zining yangi, jozibador bank mahsulotlari va xizmatlari bilan mijozlarni xushnud qilmoqda. Jumladan, yuridik va jismoniy shaxslarga yuqori foizli omonat turlari, qulay shartlardagi avtokredit va mikroqarzlar taqdim etib kelinmoqda.
Bugungi kunda mijozlarimiz milliy valyutada 20 foizgacha, xorijiy valyutada 7,5 foizgacha bo‘lgan jami 18 ta omonat turidan foydalanadi. Ta’kidlash joizki, Bankda omonatlarni jalb etish shartlari qulay bo‘lib, fuqarolarning omonatlari qaytarilishi to‘liq himoyalangan. Ya’ni Bank tomonidan omonat sifatida qabul qilingan mablag‘larning qaytarilishi “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Omonatlarini kafolatlash jamg‘armasi tomonidan kafolatlanadi.
Shuningdek, qulay shartlar va imtiyozlar asosida avtokredit, mikroqarzlar, iste’mol kreditlari ham taqdim etib kelinmoqda.
Innovatsion rivojlanish, masofaviy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, onlayn va mobil banking xizmatlarini rivojlantirish borasida ham bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, masofaviy bank xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida “TrastPay” mobil ilovasi yaratilib, uning yordamida mijozlar onlayn konversiyadan tortib, mikroqarz olish va omonatni rasmiylashtirish, to‘lovlarni to‘lash, QR-code tizimidan foydalanish jarayonlarini mustaqil o‘zi amalga oshirishi mumkin.
Asosiy vazifa – har bir mijoz ishonchini oqlash
Muxtasar qilib aytganda, 29 yil mobaynida “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki ko‘plab marralarni zabt etdi. Ular ichida eng asosiysi – mijozlarning ishonchi, desak mubolag‘a emas. Bank istiqbolda ham mijozlar ishonchini oqlash uchun bor kuch va salohiyatni safarbar etadi. Mustahkam resurs bazasini shakllantirish, kreditlash hajmini oshirish uchun xorijiy kredit liniyalari mablag‘larini jalb qilish, chakana biznes sohasini rivojlantirish borasidagi ishlarni jadal davom ettiradi.


