Joriy yilning 28 sentabr kuni Oliy o‘quv yurtlari sport majmuasida “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki tomonidan Bank xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, bankning 25 yillik yubileyini keng nishonlash, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusning ikkinchi yo‘nalishi bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturiga asosan bank xodimlarini jismonan chiniqtirish va ularni sport sohasidagi qobiliyatlarini namoyon qilishlari maqsadida, Bosh ofis va filiallar o‘rtasida “Spartakiada – 2019” sport musobaqalarining final bosqichi tashkil etildi.
Sport musobaqasining tantanali ochilish marosimida Bank Kengashi Raisi Tohir Sharipov yig‘ilganlarni samimiy qutlar ekan, mamlakatimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
- “Bankning 25 yillik yubileyiga bag‘ishlangan muhim sport tadbirida Sizlarni qutlashdan juda mamnunman! Bugun bizni yorqin va unutilmas bayram tadbiri kutmoqda. Mazkur sport majmuasida qiziqarli sport turlari va bayram tantanalari muhiti hukm surmoqda, - dedi sport musobaqasining ochilish marosimida so‘zga chiqqan Bank Kengashi Raisi Tohir Sharipov.
- Mamlakatimizda jismonan baquvvat, sog‘lom fikrli, bilimdon, yuksak ma’naviyatli, shijoatli avlodlarni tarbiyalab voyaga yetkazishga qaratilgan ezgu ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bugungi sport tadbirimiz yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash, yuksak ma’naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan. – Bugun men Sizlardagi shijoatni ko‘rib turganimdan yanada quvonyapman. Bankimiz 25 yil davomida o‘z geografiyasini sezilarli darajada kengaytirdi, bank xodimlari soni bir necha bor o‘sdi. Albatta, Bank oldiga qo‘ygan maqsadlarimiz juda ko‘p, kelajakda har bir viloyatda bank filialini ochishni rejalashtirganmiz.
- Bugun fursatdan foydalanib, barcha jamoalarga omad yor bo‘lishini tilayman! – deya so‘zini yakunladi Tohir Sharipov.
Sport ayyomining ochilish marosimida barcha jamoalar saf tortgach - sportning Boks bo‘yicha oltin va kumush medal sohiblari Mirazizbek Mirzaxalilov va Dilshod Ro‘zmetovlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi davlat Madhiyasi sadosi ostida mamlakatimiz bayrog‘i baland havozaga ko‘tarilib, spartakiada musobaqalari ochiq deb e’lon qilindi.
Oliy o‘quv yurtlari sport majmuasi stadionida o‘tkazilgan “Spartakiada” o‘yinlarida bank xodimlari beshta sport turida: yengil atletika (estafeta), shaxmat, voleybol (ayollar va erkaklar o‘rtasida), basketbol va mini-futbol turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.
“Har bir xodim Bank ravnaqiga uzoq yillar o‘z hissasini qo‘shadi” shiori ostida o‘tkazilgan sport bayrami professionallar musobaqasi bo‘lmasa-da, barcha ishtirokchilar ushbu musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda juda mas’uliyat bilan yondashib, jamoada ishlash qobiliyatini namoyish etishdi. Muxlislar esa tadbir davomida yanada bayramona muhit yaratishdi.
Murosasiz va qizg‘in, lekin o‘zaro hurmat ruhida o‘tgan sport o‘yinlari yakuniga ko‘ra:
Yengil atletika o‘yinlarida (estafeta):
III - o‘rin – Bosh ofis jamoasi vakillariga;
II - o‘rin - Samarqand filiali jamoasi vakillariga;
I - o‘rin - Andijon filiali jamoasi vakillariga nasib qildi.
Sportning shaxmat turi bo‘yicha, III- o‘rin – “Darxon” filiali shaxmatchilariga, II- o‘rin - Bosh ofis jamoasi shaxmatchilariga hamda Samarqand filiali shaxmatchilari I- o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘lishdi.
Erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol musobaqasida, III- o‘rin - Andijon filiali jamoasi vakillariga, II- o‘rin - Termiz filiali jamoasi vakillariga va I-o‘rin – Bosh bank jamoasi vakillariga nasib qildi.
Ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol o‘yinlarida g‘oliblik Termiz filiali jamoasi sportchi qizlariga nasib qildi, II- o‘rinni Namangan filiali jamoasi vakillari va III- o‘rinni Andijon filiali jamoasi vakillari egallashdi.
Sportning basketbol turi bo‘yicha, III- o‘rin “Darxon” filialiga, II-o‘rin Jizzax filialiga va I-o‘rin - Bosh bank jamoasi sportchilariga nasib qildi.
Mini-futbol o‘yinlarida bankning Qarshi filiali jamoasi futbolchilari o‘ta shijoatli tayyorgarlik ko‘rganliklari ularning I-o‘rinni egallashga muyassar qildi. II- o‘rinni Andijon filiali jamoasi hamda III- o‘rinni Namangan filiali jamoasi egalladi.
Ballar bo‘yicha hisoblanganda Bosh ofis jamoasining voleybolchilari oliy sovringa sazovor deb topildi. Jamoalarga kubok va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Xullas, murosasizlik va do‘stona ruhda o‘tgan qiziq musobaqalar hech kimni befarq qoldirmadi. Yoshlar o‘zlarida bor mahorat va irodani, chidam va chaqqonlikni, qolaversa g‘alaba sari bo‘lgan shijoatni to‘la namoyish eta oldilar.
R.S: 1994 yilda tashkil etilgan “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki bugungi kunda butun O‘zbekiston bo‘ylab minglab mijozlarning hurmatini qozonishga muvaffaq bo‘lgan xususiy bank hisoblanadi. 25 yil ichida bank faoliyatining geografiyasi sezilari darajada kengaydi, bank xodimlari soni bir necha bor o‘sdi. Bank o‘z mijozlariga bir qator bank xizmat turlarini ko‘rsatish bilan birga, birjadan tashqari bozorda ishlash imkoniyatini beradigan investitsiya xizmatlarini ham faol taqdim etib kelmoqda.




