Joriy yilning 10 may kuni “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Bosh ofisi majlislar zalida Bank O‘quv markazi hamda Shayxontohur tumani Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ijodiy uchrashuvda Bosh ofis va Amaliyot boshqarmasi rahbar xodimlari va mutaxassislar ishtirok etdi.Uchrashuvni O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov ko‘tarinki ruhda olib bordi.
O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minovning ijodi xalqimizga yaxshi tanish. U milliy kino va teatrimizning rivojiga munosib ulush qo‘shayotgan san’atkorlardan biri hisoblanadi.
Xususan, uning “Sohibqiron Amir Temur”, “Mirzo Ulug‘bek”, “Qutlug‘ qon”, “Bir qadam yo‘l” kabi spektakllarda, shuningdek, “O‘tgan kunlar”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Yolg‘iz yodgorim” singari filmlarda ijro etgan rollari xalqimiz ko‘nglidan chuqur joy olgan.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan aktyor Tesha Mo‘minov yig‘ilganlarga vatanni, o‘zbek an’analarini, xalqning kundalik hayotini va umuminsoniy qadriyatlarni tarannum etuvchi she’rlarni o‘qib berdi.
Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Davlat Konservatoriyasining an’anaviy xonandalik yo‘nalishi IV kurs talabalari Bunyodbek Shoazimov va Umida Asomiddinovalar dutor va tanbur taronalari ostida kuy-qo‘shiqlar ijro etib, tadbirga yanada fayz kiritdilar.



