“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Bosh ofisida moliya muassasasasi Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekistonda gender tengligi va zo‘ravonligi: tushuncha, sabab hamda oldini olish yo‘llari” mavzusida tadbir o‘tkazildi. Unda Bosh ofis mutasaddilari, videokonferensaloqa orqali hududlardagi bank xizmatlari ofislari mutaxassislari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda “Trastbank” XAB tizimida 750 nafarga yaqin xotin-qizlar faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning 100 dan ziyodi mas’uliyatli rahbar lavozimlarida ishlab, samarali natija ko‘rsatib kelmoqda. Umuman olganda, bankda erkaklar va ayollar teng huquqli ekanligi ta’minlangan, ular nafaqat mahalliy, balki xorijiy malaka oshirish kurslariga jalb etilgan. Tavsiyanoma asosida oliy o‘quv yurtlarida tahsil olib, malakali kadrlar bo‘lib yetishmoqda.
“Ayollar va qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik” targ‘iboti doirasida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti Kamola Aliyeva so‘zga chiqib, gender tengligi strategiyalarini amalga oshirish, oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, genderga asoslangan zo‘ravonlik tushunchasi, uning asosiy shakllari va ko‘rinishlari, bu borada milliy va xalqaro tajribalar, ish joyida zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, ularga to‘g‘ri huquqiy va tashkiliy baho berish, psixologik ko‘mak xizmatlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan ma’lumot berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassis tomonidan atroflicha javob qaytarildi.




