Bugun Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar har bir xonadongacha kirib bormoqda. Mahallalarda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, jadal sur’atlardagi rivojlanishlar zamirida, avvalo, inson qadri mujassamligini ko‘rish mumkin.
Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlanmoqda. “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoya asosida hududlarda “Mustaqillik to‘yi” tadbirlari ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda.
Bugun, 28-avgust kuni “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Bosh ofisida ham O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqan “Trastbank” XAB Boshqaruv Raisi S.Normuxamedov barchani bayram bilan samimiy tabrikladi. Shuningdek, qut-baraka, sihat-salomatlik va moliyaviy barqarorlik doimo hamroh bo‘lishini, qolaversa, tinch-osoyishta yurtda xalqimizga sidqidildan xizmat qilib, mijozlar ishonchini oqlashda davom etishda kuch-g‘ayrat yor bo‘lishi tiladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan ta’sis etilgan “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan “Trastbank”ning bir guruh xodimlari, xususan, Boshqaruv Raisi o‘rinbosarlariga ushbu mukofotlar tantanali topshirildi. Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini oshirish, tadbirkorlik va xususiy sektorni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi farovonligini, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida islohotlar samarasini taʼminlashda jonbozlik koʻrsatib kelayotgan yurtdoshlarimiz qatorida “Trastbank”ning xodimlari ham ushbu mukofotga sazovor bo‘lgani har bir hamkasbga faxr bag‘ishlaydi.
Qayd etish joizki, hududlardagi bank xizmatlari ofislari va markazlarida faoliyat yuritib, yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etib kelayotgan xodimlar ham ushbu esdalik nishonini qabul qilib olishdi.
Shu o‘rinda, barcha yurtdoshlarimizni eng ulug‘, eng aziz bayram – Istiqlolimizning 35 yilligi muborakbod etamiz.





