Joriy yilning 18-fevral kuni O‘zbekiston Respublika Tovar-xom ashyo birjasida “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki tomonidan Birja tadbirkorlari va brokerlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda “Trastbank” XAB Bosh ofisi, Amaliyot boshqarmasi va poytaxtimizdagi Bank xizmatlari ofislarining masʼul xodimlari hamda O‘zbekiston Respublika Tovar-xom ashyo birjasi Toshkent filiali rahbari H.Navro‘zov ishtirok etdi.
Dastavval “Trastbank” XAB Bank bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti direktori O.Do‘stmuxamedov tomonidan Birja tadbirkorlari va brokerlari uchun ishlab chiqilgan qulay shartlaridagi bank mahsulotlari, jumladan, milliy va xorijiy valyutadagi “UzEx” tarif rejalari, tadbirkorlarning birja savdolarining aylanma kapitali uchun kreditlar, avto va chakana kredit mahsulotlari bo‘yicha maʼlumotlar taqdim etildi.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida Birja savdolari tadbirkorlari va brokerlar tomonidan berilgan savollarga Bank masʼullari tomonidan atroflicha javob berildi.
Shuningdek, tadbirkor hamda brokerlarning bank mahsulotlari va xizmatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalari tinglandi.





