“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Bosh ofisida “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda moliya muassasasi xodimlari, videokonferensaloqa orqali hududlardagi bank xizmatlari ofislari mas’ullari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar jamoatchilik Kengashi a’zosi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi eksperti, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, falsafa fanlari doktori, professor J.Shermuxamedova so‘zga chiqib, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiya mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, Konstitutsiya – inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, davlat suvereniteti, jamiyatda tinchlik va totuvlik tamoyillariga rioya etish, hayotimizning barcha jabhalarida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishning kafolati. U 33 yil mobaynida demokratik islohotlar, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, ijtimoiy o‘zgarishlar uchun muhim asos bo‘lmoqda.
Tadbirda Konstitutsiyaning qabul qilinishi tarixi, unga kiritilgan o‘zgartirishlar, yangi tahrirning mazmun-mohiyati hamda bugungi kundagi dolzarbligi to‘g‘risida so‘z yuritildi. Shuningdek, Bosh qomusimizda yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, intellektual va ma’naviy jihatdan barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun zarur tamoyillar belgilab qo‘yilganligi va bu o‘zining amaliy natijasini ko‘rsatayaotganligi qayd etildi.





