“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Bosh ofisida jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish masalalariga doir o‘quv seminari o‘tkazildi. Unda Markaziy bank, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi mutaxassislari ishtirok etib, sohadagi ilg‘or tajriba hamda amaliy yondashuvlar bilan o‘rtoqlashdilar.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi mutasaddilari tomonidan milliy qonunchilik normalari, xalqaro FАTF standartlari talablari, bank tizimida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, moliyaviy operatsiyalardagi xatarlar, sanksiyaviy cheklovlar hamda shubhali operatsiyalarni aniqlash mezonlari yuzasidan taqdimotlar qilindi. Qolaversa, bank amaliyotida bu borada uchraydigan kamchiliklar va ularni bartaraf etish mexanizmlari to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Bundan tashqari, xalqaro standartlarni milliy amaliyotga tatbiq etish, tavakkalchilikka asoslangan yondashuvni kuchaytirish va mijozlarni lozim darajada o‘rganish masalalari real keyslar asosida tahlil qilindi.
Shuningdek, ishtirokchilar manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, ichki nazorat tizimini samarali tashkil etish, xavflarni baholash, shubhali operatsiyalarni tahlil qilish va komplaens madaniyatini mustahkamlash bo‘yicha aniq amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.




