Размер шрифта: A A
Цвет сайта: A A A A
Mobil talqin
1287, +998 78 140-00-88
Ishonch telefoni
+998 71 207-36-45
Ish tartibi: DU-JU 09:00-18:00
Call center
1287,
+998 78 140-00-88
Aktsiyadorlarga tezkor bog'lanish
+998 78 140-00-88
Ish tartibi: DU-JU 09:00-18:00

Ichki valyuta bozorining 2017 yil sentabr-dekabr oylari bo‘yicha tahlili

Yangilangan sana: 19 Yanvar 2018, 15:51
Ichki valyuta bozorining 2017 yil sentabr-dekabr oylari bo‘yicha tahlili
19 Yan 2018

Ichki valyuta bozorining 2017 yil sentabr-dekabr oylari bo‘yicha

TAHLILI

Valyuta siyosati sohasida o‘tkazilayotgan islohotlar iqtisodiyotning real va moliya sektorlaridagi jarayonlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Tijorat banklarining yuridik va jismoniy shaxslar bilan amalga oshirayotgan operatsiyalari yangi bosqichga ko‘tarildi. Olib borilayotgan islohotlar valyuta operatsiyalari hajmida, shuningdek ichki valyuta bozorida valyuta mablag‘lariga bo‘lgan talab va taklif tuzilmasida o‘z aksini topdi.

Valyuta siyosati erkinlashtirilgandan so‘ng banklarning chet el valyutasini sotib olish va sotish operatsiyalari barqaror o‘sib kelmoqda, jumladan:

xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan chet el valyutasini sotib olinishi o‘rtacha oylik miqdori 60% ga – 2017 yilning birinchi yarim yilligidagi 462 mln. dollardan shu yilning sentabr-dekabr oylarida 740 mln. dollarga o‘sdi.

chet el valyutasini sotishning o‘rtacha oylik miqdori 4 barobardan ko‘proq – 2017 yilning birinchi yarim yilligidagi 172 mln. dollardan shu yilning sentabr-dekabr oylarida 740 mln. dollarga oshdi.

1-jadval

2017 yilda yuridik shaxslar tomonidan ichki valyuta bozorida
chet el valyutasini sotib olish va sotish operatsiyalari hajmi to‘g‘risida
MA’LUMOT

mln. doll.

Ko‘rsatkichlarO‘rtacha oylik ko‘rsatkichlar
2017 yilning I-yarim yilligidasentabr-dekabr oylarida

1.

Yuridik shaxslar tomonidan chet el valyutasini sotib olish

461,6

740,0

2.

Yuridik shaxslar tomonidan chet el valyutasini sotish

172,1

740,3

1-diagramma


Umuman olganda 2017 yilning sentabr-dekabr oylarida almashuv kursining keskin o‘zgarishi kuzatilmadi, almashuv kursi 8049,00 – 8138,00 sum (1 foiz) oralig‘ida o‘zgarib turdi.

2-diagramma


I. Yuridik shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalari

1. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan sentabr - dekabr oylarida chet el valyutasi sotib olish hajmi 2,9 mlrd. dollarni tashkil etdi.

Chet el valyutasiga bo‘lgan talabning tarkibi esa, ishlab chiqarish importi maqsadlari uchun – 2,2 mlrd. dollar (76%), xorijiy kreditlarni so‘ndirish uchun – 358 mln. dollar (12%), xalq iste’moli mollari va dori-darmonlar importi uchun – 238 mln. dollar (8%), chet el investorlari daromadlarini repatriatsiya qilish uchun – 88 mln. dollar (3%) sotib olish hisobiga shakllandi.

2-jadval

2017 yilning sentabr-dekabr oylarida yuridik shaxslar tomonidan ichki valyuta bozorida chet el valyutasini sotib olish hajmi to‘g‘risida

MA’LUMOT

mln. doll.

Ko‘rsatkichSummaNisbati
Jami2 960,1100%

1.

ishlab chiqarish importi maqsadlari uchun

2 255,0

76%

2.

xorijiy kreditlarni so‘ndirish uchun

357,8

12%

3.

xalq iste’moli mollari va dori vositalari importi uchun

238,1

8%

4.

xorijiy investorlar daromadi repatriatsiyasi uchun

88,0

3%

5.

boshqa maqsadlar uchun
(xizmat safari xarajatlari va boshqalar)

21,2

1%


3-diagramma


Bunda chet el valyutasini sotib olish operatsiyalarini 1 mln. dollargacha summaga amalga oshirgan korxonalarning soni o‘sish sur’atiga ega (sentabrda – 1,5 mingta, oktabrda – 1,9 mingta, noyabrda 2,2 – mingta va dekabrda – 2,5 mingta). Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar sonining ortishi tadbirkorlik sub’ektlarining norasmiy sektordan rasmiy bozorga o‘tishi bilan izohlanadi.

1.2. Chet el valyutasini sotish hajmi 2017 yilning sentabr–dekabr oylarida 2,9 mlrd. dollarni tashkil etdi.

Ichki valyuta bozorida sotilgan chet el valyutalarining 1,5 mlrd. dollarlik qismi bevosita eksporterlar tomonidan, 1,4 mlrd. dollarlik qismi esa tijorat banklari jalb etgan, shu jumladan valyuta-ayirboshlash shoxobchalari orqali aholidan sotib olingan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Markaziy bank chet el valyutasiga bo‘lgan talab va taklif muvozanatini ta’minlash va valyuta kursining keskin o‘zgarishini oldini olish maqsadida valyuta birjasi savdolarida kunlik valyuta oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirdi.

Ichki valyuta bozorida sotilgan chet el valyutasining umumiy hajmi sotib olingan valyuta hajmiga teng bo‘lganligi munosabati bilan Markaziy bank tomonidan valyuta zahiralaridan xarajatlar amalga oshirilmadi.

Natijada, 2017 yil yakuni bo‘yicha sof oltin-valyuta zahiralarining hajmi 26,57 mlrd. dollarni tashkil etdi, ushbu ko‘rsatkich yil boshiga nisbatan 1,38 mlrd. dollarga oshdi.

II. Jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalari

Tahlil qilinayotgan davr mobaynida tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslardan 854 mln. dollar miqdorida naqd chet el valyutasi sotib olindi.

Tijorat banklarining aholidan chet el valyutasini sotib olingan operatsiyalarining asosiy qismi Toshkent shahri (32%), Samarqand viloyati (10%), Farg‘ona viloyati (9%), Andijon viloyati (8%) hamda Namangan viloyati (7%) hissasiga to‘g‘ri keldi.

Tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarga chet el valyutasini sotish operatsiyalari hajmi 56 mln. dollarni tashkil etdi.

Jismoniy shaxslarga chet el valyutasini sotish o‘sish dinamikasiga ega bo‘lib, sentabrda – 3,9 mln. dollarni, oktabrda – 11,9 mln. dollarni, noyabrda – 17,8 mln. dollarni va dekabr oyida – 22,3 mln. dollarni tashkil etdi.

Chel el valyutasini jismoniy shaxslarga sotish hajmining ortishi import bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning norasmiy bozordan rasmiy bozorga o‘tishi bilan izohlanib, ularning umumiy sotuv hajmidagi ulushi 60% ni yoki 33,5 mln. dollarni tashkil qiladi.

4 -Diagramma


5-diagramma


III. 2017 yilda valyutani tartibga solish sohasida tadbirkorlik sub’ektlari va jismoniy shaxslarga qulay sharoitlar yaratish borasida qabul qilingan chora-tadbirlar

2017 yilning fevralida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 07.02.2017 yil PF-4947-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan).

Harakatlar Strategiyasining uchinchi ustuvor yo‘nalishi sifatida iqtisodiyotni rivojlantirish va erkinlashtirish, shu jumladan valyutani tartibga solish sohasida zamonaviy bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan.

Valyutani tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy qilish maqsadida 2017 yilning 2 sentabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarga qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan boshqa bir qator qarorlar qabul qilindi, jumladan:

- O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslariga tovarlar importi, daromad repatriatsiyasi, kreditlarni qaytarish, xizmat safari xarajatlarini to‘lash va boshqa nosavdo o‘tkazmalar (joriy xalqaro operatsiyalar) uchun tijorat banklarida chet el valyutasini cheklovsiz sotib olish huquqi berildi;

- O‘zbekiston Respublikasining rezident-jismoniy shaxslariga chet el valyutasini tijorat banklarining konversion bo‘limlari orqali sotib olish va ularni chet elda hech qanday cheklovlarsiz ishlatish huquqi berildi;

- mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha eksportchilarning chet el valyutasidagi tushumini majburiy sotish bo‘yicha talab bekor qilindi;

- yakka tartibdagi tadbirkorlarga chet el valyutasini jismoniy shaxslar uchun o‘rnatilgan tartibda sotib olishga hamda bank hisobvarag‘i orqali tovarlar va xizmatlar importi uchun to‘lashga ruxsat berildi;

- chet el valyutasida daromad oluvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek, fermer xo‘jaliklariga o‘z bank hisobvaraqlaridagi chet el valyutalarini naqd ko‘rinishida olish huquqi berildi;

- yuridik shaxslarga dividendlarini chet el valyutasida to‘lash huquqi berildi;

- jismoniy shaxslar tomonidan naqd chet el valyutasini hech qanday ruxsatnomalarsiz chet elga olib chiqilishi miqdori 2 mingdan 5 ming dollargacha oshirildi;

- tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarga naqd chet el valyutasini chet elga olib chiqib ketish uchun ruxsatnomalar berish amaliyoti bekor qilindi;

- eksport tushumining kelib tushish muddati – 120 kalendar kuniga uzaytirildi (savdo uylariga chiqarilgan tovarlar uchun – 180 kun);

- meva-sabzavot mahsulotlarini invoys asosida kontrakt tuzmasdan eksport qilishga ruxsat berildi (20 ming AQSh dollari ekvivalenti doirasida);

Shuningdek, tijorat banklari tomonidan quyidagi yangi xizmatlar joriy etildi, jumladan:

- chet elga pul jo‘natmalarini amalga oshirishda jismoniy shaxslarning, shu jumladan ularning bank kartalaridagi so‘m mablag‘larini chet el valyutasiga avtomatik tarzda konvertatsiya qilish;

- konversion kartalar orqali mehmonxona, aviachipta hamda onlayn-magazindagi xaridlar va boshqa maqsadlarda internet-to‘lovlarni amalga oshirish.

Belgilangan me’yorlar ta’siri tahlilidan kelib chiqib, valyutani muvofiqlashtirish sohasida qonunchilikni yanada takomillashtirish maqsadida Markaziy bank tomonidan 2018 yilda “Valyutani muvofiqlashtirish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi yangi tahrirda ishlab chiqiladi.

Izoh: Ichki valyuta bozori valyuta birjasidagi operatsiyalar hamda bank va mijoz o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalar bo‘yicha bitimlarni o‘z ichiga oladi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki / Ko'rishlar: 3926

Xizmat sifati haqida fikrlaringizni qoldiring

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech