Joriy yilning birinchi yarim yilligida mamlakatimiz yoshlarining tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklari tomonidan 312,5 mlrd. so‘m miqdorida mikrokreditlar ajratildi. Uning 138,7 mlrd. so‘mi yosh tadbirkorlar, hunarmandlar va fermerlarning loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirildi.
Shuningdek, banklar tomonidan joriy yilning o‘tgan olti oyi mobaynida oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun talabalarga 31,6 mlrd. so‘m miqdorida ta'lim kreditlari ajratildi.
Shu yilning yanvar-iyun oylarida tijorat banklarining 127,8 mlrd. so‘m miqdoridagi ipoteka kreditlari yosh oilalarni uy-joy bilan ta'minlashga yo‘naltirildi.
Yoshlar uchun ajratilgan iste'mol kreditlari hajmi esa 32,2 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Ta'kidlash joizki, so‘nggi besh yilda yosh oilalarga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 1,8 barobar, iste'mol kreditlari - 1,2 barobar, mikrokreditlar - 2,3 barobar, ta'lim kreditlari - 3,5 barobar hamda yosh tadbirkor, hunarmand va fermerlarga - 1,5 barobar o‘sishi ta'minlandi.
Hozirgi paytda yoshlarni biznes rejalari va turmush farovonligini oshirishga yo‘naltirilgan imtiyozli kreditlash hajmining o‘sish sur'atlarini 2016 yilda ham saqlab qolish choralari ko‘rilmoqda. Mamlakatimizda 44 ta “Kamolot” uylari qurilishini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan 121,6 mlrd. so‘m miqdorida kredit liniyalari ochilgan.
Bu raqamlar mamlakatimiz bank tizimi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida 2016 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi”da belgilangan choralarning sifatli ijro etilayotgani dalilidir.
Mazkur dastur ijrosini ta'minlash uchun Markaziy bank “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi, Savdo-sanoat palatasi singari manfaatdor institutlar bilan qalin hamkorlik qilib kelmoqda. Banklar yoshlarning tadbirkorlik faoliyati va maishiy turmushini yaxshilashga qaratilgan loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyatini keng yoyish uchun vaqti-vaqti bilan joylarga chiqib, turli ommaviy anjumanlar tashkil etmoqda. Bunday tadbirlarda yoshlarning bank xizmatlaridan foydalanish xabardorligini oshirish uchun taklif etilayotgan xizmatlar bo‘yicha keng axborot berib borilmoqda. Ayni vaqtda ularning qanday xizmatlarga ehtiyoji borligini aniqlab olish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Banklarning yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishdagi faol ishtiroki ularning yoshlar auditoriyasiga kirib borish, bo‘lg‘usi salohiyatli mijozlarni jalb etishda an'anaviy yondashuvlardan voz kechish, axborot-kommunikatsiya vositalari va texnologiyalaridan keng foydalanib, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilab borishida o‘z aksini topmoqda.
Manba - O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki
Manba:
ko'rsatilmagan
/
Ko'rishlar:
4720

