Avval xabar berilganidek, shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tashabbusi bilan mamlakatimizda “Butunjahon jamg‘arish kuni” (World savings day) o‘tkazilmoqda. Mazkur haftalik doirasida “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki tomonidan hududlarda turli tadbirlar tashkil etilmoqda.
Moliya muassasasining poytaxtimizdagi kutubxonalarida, xususan, “Bo‘ston”, “Beltepa”, “Al-Xorazmiy”, “Kamolon darvoza”, “Gulobod”, “Beshqayrag‘och” va “Iyk ota” mahallalaridagi ilm maskanlarida moliyaviy savodxonlik darslari bo‘lib o‘tdi. “Jamg‘arish — moliyaviy erkinlik kaliti” mavzusida o‘quvchi-yoshlarga taqdimotlar qilindi. Jumladan, pul mablag‘larini jamg‘arish usullari va ularning afzalliklari, onlayn omonatlar ochish yuzasidan so‘z yuritildi. Qolaversa, kibermadaniyatni shakllantirish, internet firibgarlariga aldanib qolmaslik bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Shuningdek, mazkur tadbirlarda faol qatnashgan yoshlar bankning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.





