Xabar berilganidek, kecha “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankining Bosh ofisi hamda Amaliyot boshqarmasida faoliyat yuritayotgan xodimlarning 2022-2023-o‘quv yilida 1-sinfga chiqadigan farzandlari uchun bayram tashkil etilgan edi. Ana shunday tadbirlar moliya muassasasining filiallarida davom etmoqda.
“Trastbank” XAB Namangan filiali tomonidan ham bolajonlar uchun bayram tashkillashtirildi. Shu jumladan, filial xodimlarining joriy yil birinchi sinfga chiqadigan farzandlariga barcha o‘quv qurollari jamlangan maktab sumkasi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bundan tashqari, Filial jamoasi yana bir ezgu ishga qo‘l urdi. Ya’ni To‘raqo‘rg‘on tumani “Ibrat” MFYda istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan oilalarning farzandlariga ham sovg‘alar taqdim etildi. Xususan, 10 nafardan ortiq bolajonlarga maktab formasi, kiyim-kechaklar hamda o‘quv qurollari hadya qilindi.
Shuningdek, jajji o‘g‘il-qizlar bank faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi hamda kelajakda bank-moliya tizimida ishlash ishtiyoqi paydo bo‘lgani va buning uchun maktabda a’lo baholarda ta’lim olishini bildirdi.