(2017 yil bo‘yicha)
2017 yil davomida naqd pul muomalasi mamlakatimiz iqtisodiyotida, shu jumladan pul-kredit sohasida amalga oshirilgan islohotlar ta’sirida o‘zgarib bordi.
Bunda, 2017 yilning birinchi yarmi davomida tijorat banklari kassalaridan naqd pul chiqimlarining umumiy hajmi bank kassalariga kelib tushgan naqd pul miqdoriga nisbatan sezilarli darajada ko‘proq bo‘ldi.
Xususan, yanvar-iyun oylari davomida bank kassalariga 11,8 trln. so‘m naqd pul tushgan bo‘lsa, bank kassalaridan amalga oshirilgan chiqim 17,1 trln. so‘mni tashkil etdi. Natijada, muomaladagi naqd pullar miqdori yil boshiga nisbatan 5,3 trln. so‘mga oshib, 2017 yilning 1 iyul holatiga 18,6 trln. so‘mni tashkil etdi.
2017 yilning ikkinchi yarmida mamlakatimiz valyuta bozorini erkinlashtirish bo‘yicha dastlabki choralarning ko‘rilishi va sentabr oyidan boshlab xorijiy valyutani sotish va xarid qilishning erkinlashtirilishi naqd pul muomalasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Naqd pullarni bank tizimi orqali aylanishini ko‘payishi va bankdan tashqari muomaladagi naqd pul miqdorini bosqichma-bosqich qisqarish jarayonlari kuchaydi.
O‘tgan yil iyul-dekabr oylarida bank kassalariga 27,7 trln. so‘m naqd pul tushgan bo‘lsa, bank kassalaridan amalga oshirilgan chiqim 28,6 trln. so‘mni tashkil etdi. Natijada, iyul-dekabr oylarida muomaladagi naqd pullar miqdori 0,9 trln. so‘mga oshishi kuzatilib, bunday o‘sish sentabr-dekabr oylari davomida aholidan naqd valyutani sotib olish va paxta yig‘im-terim mavsumi bilan bog‘liq xarajatlar hamda ish haqi, pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalarni oshirilishi natijasida qo‘shimcha 8,5 trln. so‘m miqdoridagi naqd pulga bo‘lgan talabning yuzaga kelishi bilan izohlanadi.
I. Naqd pullarning bank kassalariga kelib tushishi holati
O‘tgan 2017 yilda bank kassalariga tushgan naqd pullar hajmi 39,5 trln. so‘mni tashkil etdi.
Ushbu davrda jami naqd pul tushumlarida tovarlarni sotishdan tushum ulushi 47% (18,7 trln. so‘m), pullik xizmat ko‘rsatish sohasidan tushum – 15% (5,9 trln. so‘m), aholining bank omonatlariga joylashtirgan pullari – 14% (5,6 trln. so‘m), soliqlar va boshqa majburiy yig‘imlar – 11% (4,2 trln. so‘m), boshqa sohalardan tushum – 13% (5,1 trln. so‘m)ni tashkil etdi.
Iyul-dekabr oylarida bank kassalariga 27,7 trln. so‘m tushib, yanvar-iyun oylariga nisbatan 15,9 trln. so‘m yoki 2,3 martaga ko‘paydi.
Shundan, tovarlarni sotishdan tushgan naqd pullar hajmi 7,8 trln. so‘m yoki 2,4 barobar, pullik xizmat ko‘rsatish sohasidan 2,4 trln. so‘m yoki 2,4 barobar, aholining bank omonatlariga topshirgan pullari 800 mlrd. so‘m yoki 1,3 barobar, soliqlar va boshqa majburiy yig‘imlar 2,5 trln. so‘m yoki qariyb 4 barobar va boshqa sohalardan tushumlar 2,4 trln. so‘m yoki 2,9 barobarga oshgan.
mlrd.so‘mda
| Naqd pul tushumlari bo‘yicha | 2017 yil yanvar-iyun | 2017 yil iyul-dekabr | Farqi | |
|---|---|---|---|---|
| Summada | Foizda | |||
| Jami tushum | 11 793 | 27 718 | 15 925 | 235% |
| Shu jumladan: | ||||
| Tovarlar sotishdan tushum | 5 467 | 13 258 | 7 791 | 242% |
| Pullik xizmatlardan tushum | 1749 | 4 146 | 2 397 | 237% |
| Soliq va boshqa majburiy yig‘imlardan tushum | 863 | 3 355 | 2 492 | 389% |
| Aholi omonatlaridan tushum | 2 394 | 3 190 | 796 | 133% |
| Boshqa sohalar (tadbirkorlik sub’ektlari) tushumlari | 1 320 | 3 769 | 2 449 | 286% |
2017 yilda jami naqd pul tushumida Toshkent shahrining ulushi 36%, Samarqand 10%, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida 8%, Andijon, Namangan va Xorazm viloyatlarida 5%, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 4%, Navoiy viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3%, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida 2% ni tashkil etdi.
Mamlakatda valyuta bozorining erkinlashtirilishi naqd va naqdsiz pul o‘rtasidagi tafovutga va ishlab chiqaruvchilardan tovarlarni naqd pulsiz sotib olishdagi mavjud muammolarga barham berilishi savdo va pullik xizmat ko‘rsatish sohasidagi sub’ektlar tomonidan naqd pullarni bank kassalariga topshirishini rag‘batlantirmoqda. Natijada, naqd pullarni bank kassalariga kelib tushishi sentabr oyidan boshlab sezilarli darajada ko‘payishi kuzatildi.
Shuningdek, import bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga xorijiy valyutani sotib olish imkoniyatini yaratilishi ularning naqd pul tushumlarini bank kassalariga topshirilishini rag‘batlantirmoqda.
Xususan, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yanvar-iyun oylarida bank kassalariga oyiga o‘rtacha 187 mlrd. so‘m naqd pul topshirilgan bo‘lsa, shundan 43 mlrd.so‘mi (23%) qaytarib olingan.
Sentabr oyidan boshlab yakka tadbirkorlarning bank kassalaridan olayotgan naqd pullari hajmi o‘zgarmagan holda topshirilgan naqd pullari oyiga o‘rtacha 329,3 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Bu yanvar-iyun oylarida o‘rtacha bir oyga nisbatan 142 mlrd. so‘mga (76%) oshdi.
Shuningdek, 2017 yil yanvar-iyun oylarida aholi tomonidan banklarga oyiga o‘rtacha 350 mlrd. so‘m miqdoridagi naqd pullar omonatlarga qo‘yilgan bo‘lib, uning 212 mlrd. so‘mi (61%) shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda qaytarib olingan va 138 mlrd. so‘mi bank hisobvaraqlarida qolgan.
Oktabr-dekabr oylarida esa oyiga o‘rtacha 562 mlrd.so‘m miqdorida naqd pullar topshirilgan bo‘lib, shundan 246 mlrd.so‘mi (44%) qaytarib olingan va 316 mlrd. so‘mi bank hisobvaraqlarida qolgan.
Bank hisobvaraqlarida aholi omonatlari qoldig‘ining o‘sishini "so‘m"ning xorijiy valyuta kursini barqarorligi va omonatlarning o‘z vaqtida qaytarib olishlari, shuningdek aholining xorijiy valyutaga nisbatan milliy valyutadagi depozitlardan ko‘proq real daromadga ega bo‘lishga ishonchi ortishi bilan baholash mumkin.
O‘tgan yilning iyul-dekabr oylarida pullik xizmat ko‘rsatish sohasidan tushgan naqd pullar 4,1 trln. so‘mni tashkil etdi. Bu yanvar-iyun oylariga nisbatan 1,4 marta (2,7 trln.so‘m)ga ko‘paydi.
Shundan, energiya resurslari, suv ta’minotini etkazib berish va iste’mol qilish, to‘lov intizomini mustahkamlash borasidagi olib borilayotgan ishlar ushbu sohadan tushgan naqd pullar hajmi oshishini ta’minlamoqda.
Iqtisodiyotda naqd pullarning aylanishi va ularning o‘zgarishi hududlardagi xizmat ko‘rsatish sektorining (savdo va pullik xizmat ko‘rsatish) qay darajada tashkil etilgani bilan bog‘liqdir.
II. Chakana tovaraylanma holati va uning naqd pul aylanmasiga ta’siri
Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha 2017 yil yanvar-noyabr oylarida chakana tovaraylanma (umumiy ovqatlanish bilan birga) 95,7 trln. so‘mni tashkil etdi.
Toshkent shahrida tovar aylanmalari hajmining yuqoriligi (jami tovaraylanmadagi ulushi 22,3%) yirik savdo majmualari, shuningdek, ulgurji savdo bozorlarining mavjudligi hisobiga naqd pullarning Toshkent shahridagi banklarga migratsiyasini kuchaytirmoqda.
Xo‘jalik sub’ektlari tomonidan tovarlarni sotishdan tushgan tushum pullarini bank hisobvaraqlariga topshirilishi pul mablag‘larini banklar orqali aylanishini va iqtisodiyotda hisob-kitoblarni shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Tahlillarga ko‘ra, 2017 yil yanvar-noyabr oylarida savdo sohasidan bank tizimiga kelib tushgan pullar (45,6 trln. so‘m) chakana tovaraylanmaning 48% ini tashkil etib, chakana tovaraylanmaning qolgan qismi uyushmagan savdo (dehqon, buyum bozorlari va boshqalar) oborotiga to‘g‘ri kelmoqda.
Valyuta bozorini erkinlashtirilishi savdo sohasidagi sub’ektlarning ishlab chiqaruvchilardan tovarlarni naqd pulsiz tartibda sotib olishdagi imkoniyatlarini kengaytirib, ularning savdo aylanmalarining real holatini aks ettirilishini va oqibatda tushumlarining bank tizimiga kelib tushishini ko‘payishini ta’minlayapti.
Jami chakana tovaraylanma yanvar-avgust oylarida oyiga o‘rtacha 8,5 trln.so‘mni tashkil etib, uning 3,9 trln. so‘mi (46%) bank hisobvaraqlariga kelib tushgan bo‘lsa, noyabr oyiga kelib chakana tovaraylanmaning 5,2 trln.so‘mi (53%) bank hisobvaraqlariga kelib tushgan.
mlrd.so‘mda
| Oylar | 2017 yil yanvar-noyabr oylarida chakana tovar aylanmasi (ovqatlanish korxonalari bilan birga) | 2017 yil yanvar-noyabr oylarida bank tizimiga kelib tushgan savdo tushumi | Bank tizimiga kelib tushgan savdo tushumining chakana tovar aylanmasidagi ulushi (%) |
|---|---|---|---|
| Yanvar | 6 746 | 4 016 | 60% |
|
Fevral | 7 078 | 3 367 | 48% |
| Mart | 7 701 | 3 785 | 49% |
| Aprel | 8 596 | 3 677 | 43% |
| May | 9 227 | 4 025 | 44% |
| Iyun | 10 400 | 3 860 | 37% |
| Iyul | 6 538 | 4 165 | 64% |
| Avgust | 10 091 | 4 346 | 43% |
| Yanvar-avgust jami | 66 377 | 31 421 | 47% |
| Sentabr | 9 982 | 4 328 | 43% |
| Oktabr | 9 340 | 4 832 | 52% |
| Noyabr | 9 982 | 5 249 | 53% |
| Sentabr-noyabr jami | 29 304 | 14 409 | 49% |
| Jami | 95 680 | 45 649 | 48%
|
III. Bank kassalaridan naqd pul chiqimlari holati
O‘tgan yilda bank kassalaridan chiqim qilingan naqd pullar hajmi 46 trln. so‘mni tashkil etdi.
Chiqim qilingan naqd pullarning 34% – ijtimoiy to‘lovlarga, 32% – ish haqi to‘lovlariga, 15% – naqd chet el valyutasini sotib olishga, 15% – aholining bankdagi hisobvaraqlaridan (omonatlar va bank kartalari)berilgan naqd pullarga va 4% – boshqa xarajatlarga to‘g‘ri keladi.
Jami chiqim qilingan naqd pullar hajmida Toshkent shahrining ulushi 27%, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning ulushi 73% ni tashkil etadi.
IV. Bank kartalari bilan hisob-kitoblar
Bugungi kunda, iqtisodiyotda naqd pullar bilan bir qatorda bank kartalaridan tovarlar va xizmatlarni xarid qilish, to‘lovlarni amalga oshirish uchun keng foydalanilmoqda.
Respublika bo‘yicha 2017 yilda tovarlar va xizmatlar, shuningdek boshqa hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun bank kartalari orqali to‘lovlar hajmi 53 trln. so‘mni tashkil etib, yanvar-iyun oylarida 29,0 trln. so‘mlik, iyul-dekabr oylarida 24 trln. so‘mlik to‘lovlar amalga oshirildi.
O‘tgan yil natijalari bo‘yicha tovarlar va xizmatlar, shuningdek boshqa to‘lovlarda aholining bank kartalari orqali amalga oshirilgan hisob-kitoblarning ulushi 57% ni tashkil etdi, iyul-dekabr oylari bo‘yicha o‘rtacha 46% bo‘lgani holda yanvar-iyun oylariga (71%) nisbatan 25 bandga, yanvar oyiga nisbatan esa 32 bandga kam bo‘ldi.
Banklar tomonidan mijozlarning bank kartalaridan naqd pullarni istalgan paytda olish imkoniyatlarini kengaytirilishi natijasida tovar va xizmatlar, shuningdek boshqa to‘lovlar uchun hisob-kitoblarda naqd pullar ulushining ortishi hisobiga bank kartalari bilan hisob-kitoblar ulushining kamayib borishi kuzatilmoqda.
Bank kartalari tizimidan foydalanuvchilarga yanada qulay sharoitlar yaratish, aholi gavjum joylarda bankomatlar tarmog‘ini kengaytirish maqsadida 2017 yil dekabr oyida qo‘shimcha 159 ta bankomat o‘rnatildi, bu boradagi ishlar bosqichma-bosqich davom ettiriladi va joriy yilning I choragi mobaynida yana 150 ta bankomat o‘rnatilib, ularning soni 595 taga etkaziladi.


