Hademay yangi 2026-2027-o‘quv yili boshlanadi. O‘g‘il-qizlar qadrdon maskan – bilimlar dargohiga oshiqadi.
Bugun, 27-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Bosh ofisida moliya muassasasida faoliyat yuritayotgan xodimlarning ilk bor maktab ostonasiga qadam tashlayotgan farzandlari uchun tadbir tashkil etildi.
Bayramona ruhda o‘tkazilgan tadbirda “Trastbank” XAB Boshqaruv raisi o‘rinbosari K.Gabbazov so‘zga chiqib, yaqinlashib kelayotgan “Bilimlar kuni” va “Birinchi qo‘ng‘iroq” bayramlari bilan tabrikladi. Ularni oldinda porloq kelajak kutayotgani, qolaversa, ota-onalari kabi yetuk mutaxassis bo‘lib voyaga yetishishlari uchun bilimlarni puxta egallab, doimo a’lo baholarda o‘qishlari zarurligini bildirdi.
Bundan tashqari, tadbirda bolajonlarga barcha o‘quv qurollari jamlangan maktab sumkasi va esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Shuningdek, sahna ko‘rinishlari hamda qiziqarli interaktiv o‘yinlar o‘g‘il-qizlarda katta taassurot qoldirdi.
Bu kabi tadbirlar hududlardagi bank xizmatlari ofislarida ham davom etmoqda.




