Bugun, 8-yanvar kuni “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Bosh ofisida “Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish” mavzusida seminar o‘tkazildi. Unda moliya muassasasi mas’ul xodimlari, qolaversa, videokonferensaloqa tarzida hududlardagi bank xizmatlari ofislari mutasaddilari ishtirok etdi.
Seminarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bosh inspektori Akmal Yunusov tomonidan ma’ruza qilindi. Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni mazmun-mohiyati hamda Prezidentimizning 2025-yil 30-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni yuzasidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida ham ayni shu masalaga alohida to‘xtalib, korrupsiyaga qarshi kurashish uchun yangi tizim joriy etilishini ma’lum qilganiga urg‘u berildi. “Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdiddir. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa – islohotlarimizga xiyonat. Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-yilda “favqulodda holat” e’lon qilamiz, – deya ta’kidlagan edi davlatimiz rahbari.
Shuningdek, seminarda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassis tomonidan atroflicha qaytarildi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi tadbirlar bank xodimlari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish hamda ularning mazkur yo‘nalishda bilim va ko‘nikmalarini yanada boyitishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.




