O‘zbekiston Respublikasida 2026-yil 15-yanvar — 28-fevral kunlari aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi. Bu – mamlakatimizdagi har bir fuqaro va xo‘jalik haqida aniq maʼlumot to‘plash, kelgusidagi ijtimoiy-iqtisodiy rejalarni belgilashda muhim qadam hisoblanadi.
Ro‘yxatga olish 2 bosqichda amalga oshiriladi:
1-bosqich (15–31 yanvar):
17 kun davomida fuqarolar “census.stat.uz” sayti orqali OneID tizimi yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniga ega bo‘ladi. Bu qulay, tez va zamonaviy usul bo‘lib, uydan chiqmasdan ro‘yxatda qatnashish imkonini beradi.
2-bosqich (4–28 fevral)
“Mahalla yettiligi” aʼzolari uyma-uy yurib, planshetlar orqali ro‘yxatga olish jarayonlarini amalga oshiradi. Bu bosqichda har bir xonadonga borilib, shaxsiy maʼlumotlar aniqlanadi.
Savolnoma tarkibi:
Ro‘yxatda fuqarolardan va qishloq xo‘jaligi subyektlaridan jami 71 ta savol bo‘yicha maʼlumot olinadi:
Aholiga oid – 54 ta savol (yosh, taʼlim, ish bilan bandlik, yashash sharoiti va h.k.);
Qishloq xo‘jaligiga oid – 17 ta savol (yer maydoni, chorva soni, ekin turlari va h.k.).
Maʼlumotlar maxfiyligi kafolatlanadi.
Shaxsga doir maʼlumotlar qonun bilan muhofaza qilinadi.
Savolnoma natijalari boshqa idoralarga taqdim etilmaydi va faqat statistik tahlil uchungina ishlatiladi.
Nima uchun bu muhim?
Ro‘yxat natijalari:
– davlatga aholining haqiqiy soni va tarkibi haqida aniq tasavvur beradi;
– yangi ish o‘rinlari, maktablar, shifoxonalar va infratuzilmalarni rejalashtirishda asos bo‘ladi;
– qishloq xo‘jaligidagi resurslarni to‘g‘ri taqsimlash imkonini yaratadi.




