Sifat siyosati
“Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankining sifat siyosati
- Umumiy qoidalar
1.1. “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki (keyingi o‘rinlarda — Bank) ushbu sifat siyosati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi № UP-60-sonli “2022–2026 yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-sentabrdagi № PP-3270-sonli “Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda bank-moliyaviy tizimni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va xalqaro korporativ boshqaruv standartlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
1.2. Ushbu Siyosat Bankning taqdim etayotgan xizmatlar sifatini ta’minlash, mijozlar qoniqishini oshirish, boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish, shuningdek, bankning barqarorligi va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan maqsad va vazifalarni belgilaydi.
1.3. Bankning sifat menejmenti tizimi xizmatlarning taqdim etilishida mijozlar va manfaatdor tomonlarning talab va kutilmalarining muvofiqligini ta’minlash, jarayonlarning samaradorligini oshirish, barqaror o‘sish va uzoq muddatli daromadlilikni ta’minlashga yo‘naltirilgan.
1.4. Bankning sifat sohasidagi asosiy maqsadi – mijozlar, hamkorlar, aksiyadorlar va jamiyatning Bankka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, uni barqaror, texnologik rivojlangan va mijozlarga yo‘naltirilgan moliyaviy institut sifatida yuqori sifatli xizmatlar ko‘rsatishini ta’minlashdir.
- Sifat sohasidagi maqsad va vazifalar
2.1. Sifat bo‘yicha strategik maqsadlarga erishish uchun Bank quyidagi asosiy yo‘nalishlar va vazifalarni belgilaydi:
Asosiy yo‘nalishlar:
- a) Xalqaro standartlar va ESG tamoyillari asosida korporativ boshqaruvni takomillashtirish, risk menejment boshqaruvi, nazorat va komplayens tizimini rivojlantirish;
- b) Bank faoliyatining samaradorligini mijozlar, aksiyadorlar, hamkorlar va moliya bozorining talablarini hisobga olgan holda oshirish;
- c) Innovatsion texnologiyalarni joriy etish, investitsiyalarni jalb qilish va mahsulotlar assortimentini kengaytirish maqsadida xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni rivojlantirish;
- d) Bank xizmatlarining mavjudligini kengaytirish uchun bxolar tarmog‘i va raqamli kanallarni rivojlantirish;
- e) Asosiy yo‘nalishlarda (korporativ, chakana, tadbirkorlik sektori) biznesni barqaror va rejalashtirilgan tarzda rivojlantirish;
- f) Resurslarni jalb qilish manbalarini diversifikatsiya qilish va aktivlar hamda majburiyatlar tarkibini optimallashtirish orqali moliyaviy barqarorlikni oshirish;
- g) Mijozlar bazasini kengaytirish, xizmat sifatini oshirish va mijozlar sadoqatliligini kuchaytirish;
- h) Zamonaviy bank mahsulotlarini joriy etish, ichki jarayonlarni avtomatlashtirish va raqamlashtirish, yangi texnologiyalardan foydalanish;
- i) Kadrlar boshqaruv tizimini takomillashtirish, korporativ madaniyatni rivojlantirish, xodimlarning malakasini oshirish va samarali rag‘batlantirish mexanizmlarini tatbiq etish;
- j) Bank brendini kuchaytirish uchun marketing strategiyasi, PR faoliyati va zamonaviy kommunikatsiya vositalaridan foydalanish;
- k) Raqamli transformatsiya dasturini amalga oshirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, raqamli hujjat aylanishini yo‘lga qo‘yish;
- l) Axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni mustahkamlash, ma’lumotlarni aniqlash va himoya qilish maqsadida biometrik va xulq-atvor texnologiyalaridan foydalanish;
- m) ESG tamoyillarini faoliyatga integratsiya qilish, “yashil” moliyalashtirish va korporativ ijtimoiy mas’uliyat loyihalarini amalga oshirish;
- n) Tadbirkorlik sub’ektlari uchun mahsulot va xizmatlarni rivojlantirish;
o) Mijozlar uchun moliyaviy savodxonlik dasturlarini rivojlantirish, ta’limiy raqamli xizmatlarni yaratish; - p) Kredit jarayonlarini takomillashtirish, qaror qabul qilish muddatlarini qisqartirish, yangi avlod skoring tizimlarini joriy etish.
- Rahbariyat majburiyatlari
3.1. Bank rahbariyati quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi:
- a) Sifat sohasidagi qonun va normativ hujjatlar, regulyator talablariga va xalqaro standartlarga rioya qilishni ta’minlash;
- b) Mijozlar va manfaatdor tomonlarning talab va kutishlarini bajarish, xizmat sifatini doimiy ravishda oshirish;
- c) Sifat bo‘yicha maqsad va ko‘rsatkichlarni belgilash, ularni muntazam yangilash va monitoring qilish;
- d) Bank faoliyati, tarkibiy bo‘linmalar va bank xizmatlari ofislarining funksiyalari, mijozlar qoniqishi darajasi, shuningdek, Siyosatni amalga oshirish natijalarini tizimli tahlil qilish;
- e) Sifat sohasidagi maqsadlarga erishish uchun xodimlarga zarur resurslar, vositalar va ma’lumotlarni ta’minlash;
- f) Sifat madaniyatini rivojlantirish, jarayonlarni takomillashtirish va xizmat sifatini oshirishga yo‘naltirilgan xodim tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash;
- g) Siyosatning ijrosini doimiy nazorat qilish;
- h) Siyosatni muntazam ko‘rib chiqish va yangilash, Bankning strategik vazifalariga va tashqi muhitdagi o‘zgarishlarga mosligini ta’minlash.
- Yakuniy qoidalar
4.1. Ushbu Siyosat Bankning korporativ boshqaruv tizimining ajralmas qismi bo‘lib, Bank va mijozlar o‘rtasidagi sifat, barqarorlik, shaffoflik va samarali hamkorlikni ta’minlashga qaratilgan.
4.2. Siyosat Bankning vakolatli boshqaruv organi tomonidan tasdiqlangan kundan e’tiboran kuchga kiradi va har ikki yilda kamida bir marta yoki qonunchilik, strategik vazifalar yoki Bank faoliyati sharoitlari o‘zgarishi bilan qayta ko‘rib chiqiladi.
