“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki tomonidan poytaxtimizdagi bir qator mahallalarda kutubxonalarning tashkil etilishi ushbu hududlarning nafaqat madaniy va ma’rifiy hayotini boyitishga, balki yosh avlod o‘rtasida mutolaa madaniyatini shakllantirishga, ularning dunyoqarashini kengaytirish va mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Qolaversa, ushbu maskanlar mahallalarda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ochiq darslar o‘tkazish hamda bilim va tajriba almashish maydoni sifatida xizmat qilmoqda.
Yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan ana shunday tadbirlardan biri poytaxtimizning Shayxontohur tumani “Beltepa” mahallasida bo‘lib o‘tdi. Unda “Trastbank” XAB mutasaddilari, MFY mas’ullari va 314-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbir davomida shoir va yozuvchi G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasi hamda Abdulhamid Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romani bo‘yicha ochiq dars o‘tkazildi. Unda mazkur asarlarning syujeti, qahramonlari, ma’naviy ahamiyati chuqur tahlil qilindi. Badiiy vositalar va til xususiyatlari yoritib berildi.
Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan darsda o‘quvchilar adabiy asarlar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirish va qizg‘in muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Faol ishtirok etgan o‘g‘il-qizlar “Trastbank” tomonidan esdalik sovg‘alari va kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.
Manba:
ko'rsatilmagan
/
Ko'rishlar:
225