“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki 1994-yilda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, 1997-yilda ilk filial – “Toshkent” filiali ochilgan. Bugungi kunga qadar ushbu moliya muassasasining 12 ta filiali tomonidan yurtdoshlarimizga bank xizmatlari ko‘rsatib kelinayotgan edi.
Yangi o‘n uchinchi, Bektemir filiali “Food city” savdo majmuasida, tuman markazida, aholiga qulay hududda joylashgan.
Bugun, 23-dekabr kuni “Trastbank” XAB Bektemir filialining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Bektemir tumani hokimi Tapil Mahamadziyayev, “Trastbank” XAB Boshqaruv Raisi Sardor Normuxamedov, bank mijozlari va mahalliy aholi, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar “Trastbank” muvaffaqiyatli faoliyati davomida ko‘plab yutuqlarga erishgani va mamlakatimiz bank tizimida mustahkam o‘rin egallaganini bildirdi. Qolaversa, ushbu Bektemir filiali ochilishi natijasida tuman aholisiga qator qulayliklar yaratilishi, shu jumladan, fuqarolar shu yerning o‘zida barcha bank xizmatlaridan foydalanishlari, eng muhimi, uning moliyaviy ko‘magida yurtdoshlarimiz o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishi, oilaviy tadbirkorligini rivojlantirishi, yangi ish o‘rinlarini yaratishi mumkinligini taʼkidladi.
Filialning yangi binosi bugungi kun talablariga, zamonaviy bank standartlariga to‘laqonli javob beradi, mijozlar va xodimlar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Elektron navbat, bank xizmatlari haqidagi maʼlumotlar aks ettirilgan stendlar, valyuta ayirboshlash shoxobchalari shular jumlasidandir. Shuningdek, o‘rnatilgan bankomatlar yordamida plastik kartalardan naqd pul yechib olish, pulni ayirboshlash imkoniyati mavjud.
Muxtasar qilib aytganda, “Trastbank” XAB Bektemir filiali tomonidan ham yurtdoshlarimizning tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularga turli bank xizmatlarini ko‘rsatishda tezkorlik va sifat asosiy maqsad bo‘ladi.