Joriy yilning 5-iyun kuni Davlatimiz rahbari tomonidan Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi. Ushbu Qonunning maqsadi mamlakatimizda korrupsiya holatlariga qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, qonun talablarini amalda ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish tizimini tartibga solishdan iboratdir.Ta’kidlash joizki, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankida manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlarning oldini olish hamda bunday vaziyatlarning kelib chiqishiga zamin yaratadigan sabablarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Kuni kecha “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Komplaens nazorat departamenti tomonidan o‘tkazilgan seminar ham mazkur Qonunning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlandi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-markazi katta prokurori Xudoyberdi Tursunbekov tomonidan ma’ruza qilinib, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida to‘xtaldi.
Jumladan, mazkur Qonun qabul qilinishi davlat tashkilotlarida manfaatlar to'qnashuvining oldini olish, aniqlash va tartibga solishning samarali mexanizmlarini joriy etish, uning huquqiy oqibatlarini aniq belgilashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha cheklovlarga amal qilmagan xodimlariga nisbatan intizomiy javobgarlik hamda mana shunday vaziyatlar yuzaga kelganda xodimlarning o‘z vaqtida tegishli bo‘limlarga xabar bermaganligi uchun ham ma’muriy jarimalar belgilanganligi to‘g‘risida tushunchalar berildi.