“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki kichik va o‘rta biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarning istiqbolli loyihalarini moliyashtirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga ustuvor ahamiyat qaratib kelmoqda. Xususan, muntazam ravishda “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazib kelinayotganligi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning takliflarini o‘rganish, bank xizmatlaridan foydalanishni yanada qulaylashtirishga zamin yaratmoqda. Uchrashuvlarda bank rahbariyati, Amaliyot boshqarmasi, hududlardagi bank xizmatlari ofislarining mutasaddilari tomonidan mijozlar, tadbirkorlarning savollariga atroflicha javob berilmoqda va masalalar hal qilinmoqda. Qolaversa, moliya muassasasida yo‘lga qo‘yilgan bank xizmatlari va kredit mahsulotlari yuzasidan to‘liq ma’lumotlar berildi. Jumladan, biznes yuritish, mikroloyihalarni amalga oshirish va tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish maqsadidagi tadbirkorlar bilan ko‘plab istiqbolli mikroloyihalar o‘rganilib atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, biznes uchun muhim bo‘lgan bank mahsulotlari tanishtirilib, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish uchun imtiyozli kreditlar rasmiylashtirish, mavjud xizmat va imtiyozlardan foydalanish yo‘llari haqida tushunchalar berildi.
Joriy yilning yanvar–aprel oylari mobaynida Toshkent shahri va Samarqandda 43 ta ana shunday uchrashuvlar tashkil etildi. Buning natijasida 800 ga yaqin murojaatlar ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etildi. Albatta, bu sa’y-harakatlar aholi bandligini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda. Jumladan, yanvar–aprel oylarida tashkil etilgan uchrashuvlar natijasida 320 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga erishildi.
Bu kabi tadbirlar kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mikroloyihalarni tatbiq etishda amaliy yordam ko‘rsatish, aholini bandligini ta’minlashga hissa qo‘shmoqda. Eng muhimi, “Trastbank” – tadbirkorlarning ishonchli hamkori ekanligi amalda o‘z isbotini topmoqda.