Joriy yilning 3 iyul kuni “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Bosh ofisida pandemiya sharoitida barcha sanitariya talablariga rioya qilingan holda “Umumjahon pul haftaligi” (Global Money Week) tadbiri g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Respublika Markaziy banki tashabbusi bilan tijorat banklari hamkorligida 23-29 mart kunlari butun dunyoda bo‘lib o‘tadigan “Umumjahon pul haftaligi” (Global Money Week) tadbirlari doirasida tashkil etildi.
“Trastbank”ning Amaliyot boshqarmasi, “Darxon” va Qarshi filiallari tomonidan mart oyi davomida “Lider ta’lim” o‘quv muassasasi, Toshkent shahridagi 112- va 225-sonli hamda Qarshi shahridagi 3- va 4-sonli o‘rta maktablari o‘quvchilarining moliyaviy savodxonligini oshirish, ularda moliya, bank faoliyati, pul funksiyalari, daromad va xarajatlarni samarali boshqarish bo‘yicha nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari uchun ochiq eshiklar kunlari o‘tkazildi.
O‘quvchilar bank haqida o‘z bilimlarini mustahkamlab, muayyan tasavvurga ega bo‘lgach, bank otalig‘idagi maktablarning 4-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Pulni qanday va nima uchun jamg‘araman”, “Qanday qilib millioner bo‘lish mumkin”, “Bank-2040 – u qanday bo‘lishi kerak?” mavzularida insholar tanlovi o‘tkazildi.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha o‘quvchilarning taqdim etgan insholari ta’lim muassasasi tomonidan tuzilgan komissiya tomonidan batafsil o‘rganib chiqilib, g‘oliblar aniqlandi.
“Pulni qanday va nima uchun jamg‘araman” mavzusida yozilgan insholar ichida g‘oliblik “Lider” ta’lim maktabining 5-sinf o‘quvchisi Artur Palyansga, “Qanday qilib millioner bo‘lish mumkin” mavzusida yozilgan insho bo‘yicha g‘oliblik Toshkent shahridagi 225-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Xilola Yunusovaga, “Bank-2040 – u qanday bo‘lishi kerak?” mavzusidagi insho g‘olibligi “Lider” ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Saidrasul G‘ulomovga nasib etdi.
Bankning Bosh ofisida tashkil etilgan tantanali tadbirda “Trastbank” XAB Boshqaruvi raisi Sardor Normuhamedov ijodiy ish g‘oliblarini samimiy muborakbod etib, ularni faxriy yorliq va samsung galaxy Tab s5e plansheti bilan mukofotladi.
Mukofot muborak aziz yoshlar!