Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglikni ta’minlash borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularning ta’lim olishi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi, kasb-hunarli bo‘lishi uchun ko‘plab imtiyozlar-u imkoniyatlar berilmoqda. “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti tomonidan ham bu boradagi ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Moliya muassasasida faoliyat yuritadigan xotin-qizlar tavsiyanoma asosida oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishni davom ettirishmoqda. Qolaversa, ularning bilim va ko‘nikmalarini boyitish maqsadida o‘quv seminarlari, amaliy mashg‘ulotlar, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda sport to‘garaklari o‘tkazib kelinmoqda. “Oilali ayolning jamiyatdagi o‘rni va mehnat faoliyati” mavzusida bo‘lib o‘tgan navbatdagi seminar shular jumlasidandir. Unda taniqli radioboshlovchi Ra’no Ortiqova bugun ayollar har jabhada faol ekanligini ta’kidlab, o‘zining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga va farovonligi mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shib kelayotganligini alohida qayd etdi. Qolaversa, ayollarning nafaqat oilada suyukli yor va mehribon ona, balki ishda malakali hamkasb va oqila rahbar bo‘lishi uchun o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi hamda zarur tavsiya va motivatsiyalar berdi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.
Manba:
ko'rsatilmagan
/
Ko'rishlar:
189