Bugun erta tongdan mamlakatimiz bo‘ylab, sharqona yangi yil – Navro‘z bayrami arafasida “Obod va fayzli mahalla yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda. Mahallalar, aholi turar-joylari, xiyobon va istirohat bog‘lari hamda tashkilot va idoralar atrofi obodonlashtirilib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga yordam ko‘rsatilmoqda.
Shu jumladan, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Bosh ofisi, Amaliyot boshqarmasi va hududlardagi Bank xizmatlari ofislarida umumxalq xayriya hashari ko‘tarinki kayfiyat, zo‘r ishtiyoq bilan o‘tkazildi. Bino-inshootlar atrofi obodonlashtirilib, ariq va zovurlar chiqindilardan tozalandi. Qolaversa, daraxtlar oqlanib, yangi gullar va bir necha tup ko‘chatlar ekildi.
Ta’kidlash joizki, hashar – xalqimizning azaliy urf-odatlaridan sanalib, o‘zaro hamjihatlik, osoyishtalik va birdamlikka chorlaydi. Bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi har bir kishida atrof-muhitni muhofaza qilish mas’uliyatini shakllantirishga xizmat qiladi.