Bugun, 18-aprel kuni soat 16:30 dan 17:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankining Toshkent shahri Yunusobod tumani “Moyqo‘rg‘on” ko‘chasi 39-uyda joylashgan “Turkiston” bank xizmatlari markaziga noma’lum shaxs tomonidan hujum uyushtirilgan. Ushbu shaxs qora niqob kiygan holda dastasi qora izolyatsion lenta bilan o‘ralgan soxta quroldan foydalanib, bosqinchilik harakatini amalga oshirmoqchi bo‘lgan. Biroq bank xodimlari tomonidan yuborilgan favqulodda qo‘ng‘iroq asosida zudlik bilan hodisa joyiga Milliy gvardiya Qo‘riqlash xizmati xodimlari yetib kelib, bosqinchilik harakatini bartaraf etgan va gumondor shaxsni qo‘lga olgan.
Hodisa oqibatida yuqoridagi shaxs tomonidan BXM binosining kirish eshigi oynasiga shikast yetkazilgan. Shuningdek, bank xodimlari va mijozlariga hamda BXM kassasida mavjud bo‘lgan pul mablag‘lariga hech qanday ziyon yetkazilmagan.
Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
"Trastbank" XAB
Axborot xizmati