“Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankida “Buyuk mutafakkirlar, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur merosida inson qadri” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar jamoatchilik Kengashi aʼzosi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi eksperti, “Maʼrifat” targ‘ibotchilar jamiyati aʼzosi, professor Jamila Shermuxamedova hamda moliya muasssasi xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, o‘zbek xalqining milliy iftixori, adabiyot va ma’naviyatning komil timsoli bo‘lgan buyuk bobolarimizning nodir adabiy asarlari asrlar osha nafaqat turkiy xalqlar, balki butun dunyo xalqlarini ham o‘ziga rom etib kelmoqda.
1441–1501-yillarda yashab ijod qilgan buyuk shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy o‘z ijodida ko‘plab sohalar qatori iqtisodiyotga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, “Xamsa” asaridagi “Farhod va Shirin” dostonida mehnatsevarlik, halollik kabi fazilatlarni namoyon etgan bo‘lsa, “Saddi Iskandariy” dostonida esa jamiyatda adolatli boylik taqsimoti va iqtisodiy barqarorlik g‘oyalarini ilgari surgan.
Qolaversa, Alisher Navoiy o‘z davrining siyosiy va iqtisodiy ahvolini yaxshilash, mamlakatning iqtisodiy qudratini barqarorlashtirish to‘g‘risida “Hiloliya”, “Hayrat ul-abror”, “Vaqfiya”, “Mahbub ul-qulub” asarlarida o‘z qarashlarini bayon etgan.
1483-yil 14-fevral kuni Andijonda tugʻilgan sharq madaniyati va adabiyotining buyuk namoyondasi Zahiriddin Muhammad Bobur davlat boshqaruvi bilan bir qatorda ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy masalalarda ham koʻplab ishlarni amalga oshirgan. Xususan, uning asarlarida iqtisodiyotga, soliq va soliq siyosati masalalariga oid ma’lumotlarni mutolaa qilishimiz mumkin. Ana shunday ijod namunalaridan biri bu “Mubayyin” asaridir.
Adabiy va tarixiy ahamiyatga molik bo‘lgan, memuar asar – “Boburnoma”da esa Movarounnahr, Xuroson, Hindiston xalqlari tarixi, urf-odat va anʼanalari, tarixiy shaxslari, mamlakat iqtisodiy masalalarini aks ettirgan.
Bundan tashqari tadbirda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning o‘zbek tili va adabiyoti rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, yoshlarni yuksak ma’naviyatli, teran tafakkurli insonlar etib tarbiyalashdagi o‘rni xususida so‘z yuritildi.
Shuningdek, ishtirokchilar orasida bahru-bayt o‘tkazilib, Navoiy va Bobur ijodidan g‘azal va ruboiylar hamda hikmatli so‘zlar aytildi.
O‘zgacha shukuh bilan yakunlangan ushbu ijodiy musobaqada faol qatnashganlarga Navoiy va Bobur qalamiga mansub asarlar, faxriy yorliqlar hamda Bankning esdalik sovg‘alari topshirildi.