Bugungi kunda “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankining 13 ta filiali faoliyat olib bormoqda. Namangan filiali uzoq yillar davomida mijozlarga bank mahsulotlari va xizmatlarini koʻrsatib kelayotganlardan biri sanaladi.
Yaʼni 2009-yilda oʻz faoliyatini boshlagan moliya muassasasi mijozlarning ishonchini oqlab kelmoqda. Oʻtgan vaqt mobaynida mazkur filial qoshida 12 ta bank xizmatlari markazi tashkil etildi.
Maʼlumki, shiddat bilan oʻtib borayotgan bugungi kunda aholiga tezkor va sifatli xizmat koʻrsatishda zamonaviy texnologiya va xalqaro standartlardan foydalanishni davrning oʻzi talab etmoqda. Oʻz oʻrnida, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Namangan filiali mijozlari uchun yana bir qator qulayliklar yaratildi. Endi filial yangi, zamonaviy binoda mijozlarni qabul qila boshlaydi.
2022-yil 17-mart kuni “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Namangan filiali yangi binosining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimi Sh.Abdurazzoqov, “Trastbank” XAB Boshqaruvi Raisi oʻrinbosari Z.Kurganov, moliya muassasasining mijozlari, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, Namangan shahri “Nodira” koʻchasi 8-uyda joylashgan filialning yangi binosida barcha qulayliklar yaratilgan. Xususan, yuridik shaxslarga alohida, jismoniy shaxslarga alohida xizmat koʻrsatish xonalari yaratilgan. Bu esa mijozlarning ortiqcha ovoragarchiligining oldini olish, ularning vaqti tejalishiga ham xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu yangi bino viloyatning tuman va shaharlaridan keluvchilar uchun qulay hudud, yaʼni shahar markazida joylashgan.
Umuman olganda, filialning yangi binosi zamonaviy bank standartlari, bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda mijozlarga barcha bank mahsulotlari va xizmatlarini koʻrsatadi. Elektron navbat, valyuta ayirboshlash shoxobchalari, tun-u kun ishlaydigan bankomatlar shular jumlasidandir.
Barcha namanganlik mijozlarimizni yangi binoda kutib qolamiz.

Manba:
ko'rsatilmagan
/
Ko'rishlar:
615