“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki “Andijon” bank xizmatlari ofisida Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti talabalari uchun sayyor o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Moliya muassasasi hamda mazkur oliy o‘quv yurtining Buxgalteriya hisobi va audit kafedrasi tomonidan tashkil etilgan ushbu darsda fan, taʼlim, ishlab chiqarish integratsiyasini uzviy bogʻlash kabi maqsadlar qamrab olindi.
O‘quv mashg‘ulotida talabalarga “Trastbank” XAB “Andijon” bank xizmatlari ofisidagi har bir boʻlimdagi ish jarayoni haqida ma’lumot berildi. Jumladan, pul mablagʻlari almashinuvi, mijozlar bilan ishlash tartibi, kredit ajratish talablari kabi faoliyatlar talabalarning diqqat-eʼtiborini tortdi.
Yana bir jihat, talaba-yoshlar uchun qiziqarli boʻlgan ushbu jarayon amaliyotga koʻchadigan boʻldi. Boisi, endilikda Institut va Bank oʻrtasida shartnoma tuzilib, talabalar amaliyot jarayonini moliya muassasasida oʻtash imkoniyatiga ega bo‘lishadi.