Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Yangilangan sana:  28 Fevral 2022, 13:01

ELEKTRON OFERTA

"Trastbank" xususiy aksiyadorlik bankining filiali (keyingi o‘rinlarda - Bank), bir tomondan va Bank tomonidan ish haqi loyihasi asosida muomalaga chiqarilgan bank kartasining egasi bo‘lgan hamda quyida taklif qilinayotgan shartlarni to‘laligicha va so‘zsiz qabul qilishini elektron shaklda akseptlash orqali bildirgan jismoniy shaxs (keyingi o‘rinlarda - qarzdor/mijoz), ikkinchi tomondan, quyidagilar to‘g‘risida mazkur Elektron ofertani tuzdik.

1-§. Elektron oferta predmeti

  1. Bank Qarzdor/mijoz tomonidan Elektron oferta akseptlangandan so‘ng, "TrustPay" mobil ilovasi vositasida qarzdorning/mijozning bank kartasi maxsus hisobvaraqasiga onlayn- mikroqarz mablag‘ini o‘tkazadi.
  2. Qarzdor/mijoz Elektron ofertaga asosan Bank tomonidan o‘tkazilgan pul mablag‘ini onlayn-mikroqarz sifatida qabul qiladi, olingan onlayn-mikroqarz va unga hisoblangan foizni Elektron ofertada belgilangan muddatlar va shartlarda to‘liq qaytaradi.
  3. Mazkur Elektron ofertada quyidagi tushunchalar ishlatiladi:

qarz yuki ko‘rsatkichi - Qarzdorning/mijozning barcha kredit va mikroqarzlari bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovi miqdorining uning o‘rtacha oylik daromadi miqdoriga bo‘lgan nisbati;

o‘rtacha oylik to‘lov miqdori - Qarzdor/mijoz tomonidan barcha qarz beruvchilar bilan tuzilgan va tuzilishi mo‘ljallanayotgan kredit (mikroqarz) shartnomalari, shuningdek Qarzdor/mijoz kafil yoki birgalikda qarzdor sifatida ishtirok etadigan kredit (mikroqarz) shartnomalari bo‘yicha to‘lovlarning o‘rtacha oylik qiymati;

o‘rtacha oylik daromad miqdori - ish haqi loyihasi asosida muomalaga chiqarilgan bank kartasi orqali qarzdorning/mijozning mehnatga haq to‘lash tarzida oladigan daromadi, shuningdek pensiya va boshqa daromadlari;

onlayn-mikroqarzning to‘liq qiymati - onlayn-mikroqarz ofertasiga muvofiq qarzdor/mijoz tomonidan amalga oshiriladigan to‘lovlar asosida aniqlanadigan onlayn- mikroqarzning haqqoniy yillik foiz stavkasi.

2-§. Onlayn-mikroqarz ofertasi shartlari

  1. Bank qarzdor/mijoz tomonidan Elektron oferta akseptlangandan keyin ushbu Elektron ofertaning 5-bandi va Qarzdorning/mijozning qarz yuki ko‘rsatkichidan kelib chiqqan holda qarzdorga/mijozga ajratiladigan onlayn-mikroqarz qiymatini belgilaydi.
  2. Onlayn-mikroqarzning maksimal qiymati 10 000 000 (o‘n million) so‘m, minimal qiymati esa 500 000 (besh yuz ming) so‘m.
  3. Qarzdorning/mijozning o‘rtacha oylik daromadi miqdori uning tomonidan oxirgi 6 oy ichida olingan daromadi (soliqni chegirgan holda) miqdorining o‘rtacha arifmetik qiymati sifatida hisoblanadi.
  4. Bank tomonidan onlayn-mikroqarz ajratilgandan so‘ng qarzdorning/mijozning qarz yuki ko‘rsatkichi 50 foizdan oshmasligi sharti bilan onlayn-mikroqarz ajratiladi.

Bunda, qarzdorning/mijozning o‘rtacha oylik daromadi miqdori u olmoqchi bo‘lgan onlayn-mikroqarzga yetmasa, "TrustPay" mobil-ilovasi avtomat tarzda uning o‘rtacha oylik daromadi miqdori yetadigan onlayn-mikroqarz qiymatini taklif etadi.

  1. Onlayn-mikroqarz 12 oygacha bo‘lgan muddatga yillik 25 foizlik stavkada beriladi.

Onlayn-mikroqarz bo‘yicha foiz Bank tomonidan har kuni ushbu bandning birinchi xatboshisida belgilangan foiz stavkasi bo‘yicha berilgan sanadan boshlab amaldagi kunlar sonidan kelib chiqqan holda Qarzdorning/mijozning onlayn-mikroqarz hisobvarag‘i qoldig‘iga nisbatan hisoblab boriladi va har oyning 1-sanasida undiriladi.

Onlayn-mikroqarz bo‘yicha asosiy qarz oyma-oy teng miqdorlarda so‘ndiriladi,

  1. Onlayn-mikroqarz foizi bo‘yicha to‘lov muddati o‘tgan qarzdorlik vujudga kelganda, Qarzdor/mijoz to‘lov muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun muddati o‘tgan foiz qiymatining 0,5 foizi, biroq muddatida to‘lanmagan foiz qiymatining 50 foizidan oshmagan, miqdorda penya to‘laydi, penya to‘lanishi qarzdorni/mijozni muddati o‘tgan foizni to‘lashdan ozod kilmaydi.
  2. Onlayn-mikroqarz ta’minoti sifatida onlayn-mikroqarzning qaytarilmaslik tavakkalchiligi bo‘yicha sug‘urta shartnomasi va sug‘urta polisi rasmiylashtiriladi. Ta’minotning qiymati onlayn-mikroqarz qiymatining kamida 130 foizini tashkil etishi kerak. Bunda, sug‘urta xarajati qarzdorning/mijozning onlayn-mikroqarz qiymati hisobidan avtomat tarzda sug‘urta kompaniyasiga to‘lanadi.

Qarzdorga/mijozga onlayn-mikroqarzni tezkor ajratish maqsadida sug‘urta polisi Bank bilan onlayn sug‘urtalash bo‘yicha bosh kelishuvga ega bo‘lgan sug‘urta kompaniyasidan olinadi.

3-§. Tomonlarning huquq va majburiyatlari

  1. Bankning huquqlari:
  2. a) onlayn mikroqarz bo‘yicha asosiy qarz va unga hisoblangan foizlarni qarzdor/mijozning plastik kartasidan aksepsiz (roziligisiz) yechib olish;
  3. b) onlayn-mikroqarz belgilangan muddatda so‘ndirilmaganda, uning qaytarilishi ushbu Elektron ofertada belgilangan choralarni ko‘rish;
  4. v) ushbu Elektron oferta bo‘yicha asosiy qarzni qaytarish va (yoki) hisoblangan foizni to‘lash muddati buzilganda nizoni sudgacha hal qilish yuzasidan talabnomasini qarzdorga/mijozga ma’lum qilish;
  5. g) talabnoma yetkazilgandan so‘ng o‘ttiz kun ichida qarzdor/mijoz unda ko‘rsatilgan talablarni lozim darajada bajarmaganda, tegishli talab bilan sudga murojaat qilish.
  6. Bankning majburiyatlari:
  7. a) onlayn-mikroqarzni ushbu Elektron ofertaning 2-paragrafida belgilangan shartlarda berish;
  8. b) onlayn-mikroqarzni muddatidan oldin undirish sabablari haqida qarzdorni/mijozni xabardor etish;
  9. v) Qarzdordan/mijozdan onlayn-mikroqarzning joriy to‘lovi uchun to‘lov grafigida belgilanganga nisbatan ko‘p mablag‘ kelib tushsa, u holda kelib tushgan mablag‘niig ortiqcha qismini onlayn-mikroqarz bo‘yicha asosiy qarzni so‘ndirishga yo‘naltirish hamda onlayn-mikroqarz qiymatini qayta hisoblash;
  10. g) onlayn-mikroqarz bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlik yuzaga kelganda qarzdor/mijoz zimmasidagi qarz yuki yanada oshib ketishining oldini olish maqsadida ushbu qarzdorlik yuzaga kelgan sanadan boshlab 7 kalendar kuni davomida har qanday aloqa bog‘lash usulidan, shu jumladan elektron aloqa vositasidan foydalanib, qarzdorga/mijozga muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlik yuzaga kelganligi haqida onlayn-mikroqarzni qaytarish grafigini ilova qilgan holda xabar berish;

Qarzdorni/mijozni ushbu Elektron oferta bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlikni qaytarish majburiyatlari bajarilmaganligi holati, muddati, qiymati, tarkibi va oqibatlari haqida xabardor qilish, qarzdordan/mijozdan muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlik yuzaga kelishi sabablari haqida so‘rash;

  1. d) ushbu Elektron oferta bo‘yicha asosiy qarzni qaytarish va (yoki) hisoblangan foizni to‘lash muddati buzilganda nizoni sudgacha hal qilish yuzasidan o‘z talabnomasini qarzdorga/mijozga yetkazish (mazkur talabnomada talabnoma tuzilgan sanadagi Qarzdorning/mijozning joriy qarzi miqdori va tarkibi, qarzni to‘lash usullari, talabnomada ko‘rsatilgan muddatgacha qarzdor/mijoz o‘z majburiyatlarini bajarmasligi oqibatlari va nizoni suddan tashqari hal qilish usullari qayd etiladi);
  2. e) Qarzdor/mijoz tomonidan onlayn-mikroqarz bo‘yicha qarzdorlik to‘liq to‘langanidan so‘ng, mazkur qarzdorlik bo‘yicha amalga oshirilgan oxirgi to‘lov sanasining keyingi uch ish kunidan kechiktirmagan holda qarzdorning/mijozning shaxsiy kabinetida onlayn-mikroqarz bo‘yicha qarzdorlik to‘liq so‘ndirilganligi va onlayn-mikroqarz ofertasi bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot joylashtirish.
  3. Qarzdorning/mijozning huquqlari:
  4. a) ushbu Elektron ofertani akseptlash bo‘yicha mustaqil ravishda qaror qabul qilish;
  5. b) onlayn-mikroqarzning o‘z vaqtida ajratilishini talab qilish;
  6. v) ushbu Elektron oferta akseptlangandan keyin va Bank tomonidan pul mablag‘i o‘tkazilgunga qadar bo‘lgan davrda onlayn-mikroqarz olishdan bepul asosda voz kechish;
  7. g) onlayn-mikroqarz bo‘yicha asosiy qarz va unga hisoblangan foizni jarima sanksiyasisiz istalgan vaqtda muddatidan oldin to‘liq to‘lagan holda ushbu Elektron ofertani muddatidan oldin bekor qilish.
  8. Qarzdorning/mijozning majburiyatlari:
  9. a) onlayn-mikroqarz bo‘yicha asosiy qarz va unga hisoblangan foizni o‘z vaktida so‘ndirish;
  10. b) ishdan bo‘shayotganda onlayn-mikroqarz va unga hisoblangan foizni muddatidan oldin so‘ndirish.

4-§. Tomonlarning javobgarligi

  1. Tomonlar ushbu Elektron oferta shartlarini bajarmaganda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofik javob beradi.

5- §. Fors-major holatlar

  1. Tomonlar fors-major holatlar amal qilgan davrda Elektron oferta bo‘yicha o‘z majburiyatlarining qisman yoki to‘liq bajarilmaganligi uchun javob bermaydilar.

Fors-major holatlarga quyidagilar kiradi: tabiiy xodisalar (zilzila, ko‘chki, dovul, qurg‘oqchilik va sug‘urta shartnomasida sanab o‘tilmagan boshqa tabiiy hodisalar) yoki ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatlar (xarbiy xarakatlar, ish tashlashlar, qamallar, davlat tashkilotlarining hamda davlat tashkilotlari o‘rtasidagi cheklovchi va taqiqlovchi choralar, shuningdek Hukumat qarorlari va boshqalar) oqibatida kelib chiqqan favqulodda, joriy sharoitda bartaraf etib bo‘lmaydigan va oldindan kutilmagan vaziyatlar, agar ushbu vaziyatlar Elektron ofertani bajarishga bevosita ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa.

Fors-major holatlar yuzaga kelganda va to‘xtaganda tomonlar bir-birini darhol xabardor qiladilar. Xabarnoma tomonlarda mavjud bo‘lgan barcha aloqa vositalari orqali yuborilishi mumkin.

Fors-major holatlar yuzaga kelgan taqdirda majburiyatlarni bajarish muddatini tomonlar fors-major holatlar amal qilgan davrga mutanosib tarzda kechiktiradilar.

6-§. Nizolarni hal qilish

  1. Tomonlar ushbu Elektron ofertadan kelib chiquvchi nizolarni, tomonlarning o‘zaro roziligiga ko‘ra, nizoni hal qilishning suddan tashqari usullarini qo‘llash, shu jumladan muzokara o‘tkazish orqali hal qilish majburiyatini oladi.
  2. Nizoni muzokara yo‘li bilan hal etishning imkoni bo‘lmasa, ushbu Elektron oferta 

12-bandining "d" kichik bandida qayd etilgan talabnomada belgilangan muddatda - o‘ttiz kun ichida qarzdor/mijoz unda ko‘rsatilgan talablarni lozim darajada bajarmaganda, Bank tegishli talab bilan fuqarolik sudiga murojaat qilishga haqli hisoblanadi.

7-§. Elektron ofertaning boshqa shartlari

  1. Bank qarzdor/mijoz uchun ushbu Elektron oferta bo‘yicha asosiy qarzni qaytarishning va hisoblangan foizni to‘lashning masofadan turib amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.
  2. Bank ushbu Elektron oferta shartlarini, shu jumladan onlayn-mikroqarz bo‘yicha foiz stavkasini va uni belgilash tartibini, mazkur Elektron ofertaning amal qilish muddatini bir tomonlama o‘zgartirishga haqli emas.
  3. Qarzdor/mijoz vafot etganda uning huquq va majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
  4. Mazkur Elektron oferta u imzolangan kundan boshlab to qarzdor/mijoz tomonidan ushbu Elektron oferta majburiyatlari to‘liq bajarilgunga qadar amal qiladi.
  5. Ushbu Elektron ofertaning bekor qilinishi tomonlarni u bekor qilingunga qadar bildirilgan o‘zaro da’vosini (talabini) qondirish majburiyatidan ozod qilmaydi.
  6. Mazkur Elektron ofertada ko‘zda tutilmagan holatlar yuzasidan O‘zbekistan Respublikasi qonun hujjatlari qo‘llaniladi. 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech