Размер шрифта: A A
Цвет сайта: A A A A
Mobil talqin
1287, +998 78 140-00-88
Ishonch telefoni
+998 71 207-36-45
Ish tartibi: DU-JU 09:00-18:00
Call center
1287,
+998 78 140-00-88
Ish tartibi: DU-JU 09:00-18:00
Aktsiyadorlarga tezkor bog'lanish
+998 78 140-00-88
Ish tartibi: DU-JU 09:00-18:00

Pul-kredit va bank sohasida 2017 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2018 yilga mo‘ljallangan vazifalar to‘g‘risida qisqacha axborot

Yangilangan sana: 18 Yanvar 2018, 09:36
18 Yan 2018
I. 2017 yil natijalari

2017 yil I yarim yilligida bank aktivlari 26 foiz yoki 19,3 trln. so‘mga oshdi, shu jumladan kredit qo‘yilmalari 34 foiz yoki 17,3 trln. so‘mga ko‘paydi.

Kreditlashning o‘sishi, asosan, tarmoq va hududlarni rivojlantirish davlat dasturlarining investitsiya loyihalarini moliyalash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini kreditlash hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan aholini qo‘llab-quvvatlashga to‘g‘ri keladi.

Banklarning kreditlash faolligining oshishi 2017 yil I yarim yilligida milliy valyutadagi pul massasining o‘sish sur’atini 15 foiz oshishiga va iqtisodiyotda narxlar darajasiga ta’sir ko‘rsatdi.

Shundan kelib chiqib, inflyatsiya jarayonlarini jilovlash va pul massasining o‘sish sur’atlarini cheklash maqsadida 2017 yilning 28 iyunidan Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi 9 foizdan 14 foizga oshirildi.

Pul-kredit siyosatining qat’iylashtirilishi monetar omillarning inflyatsiya darajasiga ta’sirini bosqichma-bosqich yumshatish va pul-kredit ko‘rsatkichlarining barqaror noinflyatsiya dinamikasini shakllantirishga imkon yaratdi. Xususan, ikkinchi yarim yillikda milliy valyutadagi pul massasi 4,7 foiz qisqardi, bu umuman 2017 yilda uning o‘sish sur’atini 9 foiz darajasida ushlab turishga sharoit yaratdi.

Valyuta siyosatini liberallashtirish 2017 yilning ikkinchi yarim yilligida pul-kredit siyosatining o‘zgarishini aniqlab bergan muhim makroiqtisodiy omillardan biri bo‘ldi.

Qabul qilingan choralar 2017 yilning sentabr-dekabr oylarida banklarning xorijiy valyuta oldi-sotdi operatsiyalari o‘rtacha oylik hajmini 2017 yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan barqaror oshishini ta’minladi: yuridik shaxslarning sotib olishi 60 foiz, sotishi esa 4 barobardan ortiq bo‘ldi. Aholi o‘zining valyuta mablag‘larini tijorat banklarining ayriboshlash punktlarida bozor kursi bo‘yicha sotish imkoniga ega bo‘ldi.

Sentabr oyidagi devalvatsiyadan so‘ng almashuv kursi barqaror darajada saqlanib qoldi va 1 AQSh dollari 8049-8138 so‘m, bir foiz oralig‘ida o‘zgarib turdi.

2017 yil natijalari bo‘yicha sof oltin-valyuta zahiralari hajmi 26,6 mlrd dollarni tashkil etdi va yil boshiga nisbatan 1,4 mlrd dollar oshdi.

Valyuta kursining bozor mexanizmlari asosida shakllanishining joriy etilishi bank kassalariga naqd pul tushumining ko‘payishiga sharoit yaratdi. Xususan, agar 2017 yilning birinchi yarim yilligida bank kassalari orqali naqd pul aylanmasi (900 mlrd so‘m hajmidagi naqd pul emissiya qilingan) oyiga o‘rtacha 4,8 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ikkinchi yarim yillikda mazkur ko‘rsatkich qariyb 2 baravar (9,4 trln so‘mgacha), shu jumladan 2017 yilning dekabrida – 2,3 marta (11 trln so‘mgacha) oshib, naqd pul tushumi va chiqimlari o‘rtasidagi hajm muvozanatga keldi.

Pul-kredit sohasida olib borilayotgan islohotlar va qabul qilingan choralar tijorat banklari faoliyatida ham aks etdi. Xususan, banklar aktivlari va kredit qo‘yilmalari 2 marta oshib, mos ravishda 166,6 trln so‘m va 110,6 trln so‘mni tashkil etdi. Tijorat banklarining jami depozit hajmi 2017 yil natijalari bo‘yicha 58,7 trln so‘mga etdi, bu 2016 yilga nisbatan 61foiz ko‘pdir.

Valyuta kursini shakllantirishning bozor mexanizmlariga o‘tish sharoitida banklarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida yirik banklarning ustav kapitaliga 670 mln AQSh dollari kiritildi. Natijada 2017 yil yakuniga kelib, bank tizimining jami kapitali 1,6 marta oshib, 23,7 trln so‘mni tashkil etdi va bu banklar tomonidan kapital va likvidlikning etarliligi ko‘rsatkichlari bajarilishini ta’minladi.

II. 2018 yilgi asosiy vazifalar

2018 yilda pul-kredit siyosatining, birinchi navbatda inflyatsiya darajasiga monetar omillarning ta’sirini bartaraf etishga yo‘naltirilgan qat’iy kursi davom ettiriladi. Iqtisodiyotning kreditga bo‘lgan ehtiyojini e’tiborga olgan holda 2018 yilda pul massasining o‘sish sur’atini 12-14 foiz atrofida ushlab turish ko‘zda tutilmoqda.

Shu bilan birga o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyani targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish uchun zarur sharoitlarni shakllantirish bo‘yicha faol ishlar olib boriladi. Shu maqsadda Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi texnik missiyasini jalb etish asosida 2018 yilning birinchi choragida «Pul-kredit siyosatini rivojlantirish va amalga oshirishning o‘rta muddatli konsepsiyasi»ni ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.

2. Yuridik va jismoniy shaxslarning xorijiy valyutani sotish va xarid qilish tartibini yanada takomillashtirish va soddalashtirish bo‘yicha choralar qabul qilinadi, bank operatsiyalaridan foydalanish darajasi oshiriladi, xususan:

a) xorijiy valyutalar oldi-sotdi operatsiyalarini masofadan turib amalga oshirish mexanizmlari (banklarning mobil ilovalari orqali milliy va xorijiy valyutadagi to‘lov kartalarini konversiyalash) joriy etiladi;

b) mamlakat hududida tegishli bankomatlar tarmog‘ini kengaytirish orqali konversion to‘lov kartalaridan naqd xorijiy valyuta echishga ruxsat beriladi.

3. Naqd pul muomalasini takomillashtirish borasidagi vazifalar doirasida muomaladagi banknotalar strukturasini optimillashtirish bo‘yicha ishlar olib borish ko‘zda tutilmoqda. Milliy valyutadan foydalanish qulayligini oshirish maqsadida muomalaga yanada yirikroq nominaldagi banknotalarni chiqarish va mayda kupyuralarni bosqichma-bosqich nominali 50, 100, 500 so‘m bo‘lgan yangi namunadagi tangalar bilan almashtirish, shuningdek 200 so‘m nominalidagi tanga chiqarish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

4. Zamonaviy bank xizmatlari ko‘rsatish, jumladan «raqamli» banklar va chakana xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan bank bo‘linmalarini tashkil etish uchun innovatsion bank texnologiyalarini joriy qilish, masofadan turib bank xizmatlarini ko‘rsatish, to‘lov tizimini yanada rivojlantirish faollashtirildi.

5. Moliyaviy xizmatlarning majburiy talablarga mosligini tekshirishlar o‘tkazish yo‘li bilan bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun moliyaviy qulayliklar va ularning moliyaviy savodxonligi darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

6. O‘zbekiston Respublikasining quyidagi qonunlari loyihalari yangi tahrirda ishlab chiqiladi:

Milliy iqtisodiyotni keng ko‘lamda isloh qilinishidan kelib chiqqan holda pul-kredit siyosati va bank nazorati takomillashtirilishini e’tiborga olib, «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi Qonun;

Banklar va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida to‘laqonli hamkorlik munosabatlarini shakllantirish uchun raqobat muhitini yaratish, aholining bank tizimiga institutsional hamkor sifatidagi ishonchini mustahkamlash maqsadida «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun;

Valyuta bozorini liberallashtirish bo‘yicha qabul qilingan choralar tahlilidan kelib chiqib, valyuta siyosatini takomillashtirish, investitsiya iqlimi va biznes-muhitni yaxshilashga qaratilgan «Valyutani muvofiqlashtirish to‘g‘risida»gi Qonun.

Valyuta bozori, pul muomalasi, monetar siyosat va bank tizimi to‘g‘risidagi batafsil sharhlar alohida mavzu doirasida yaqin kunlar ichida taqdim etiladi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki / Ko'rishlar: 5179
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech