Размер шрифта: A A
Цвет сайта: A A A A
Mobil talqin
1287, +998 78 140-00-88
Ishonch telefoni
+998 71 207-36-45
Ish tartibi: DU-JU 09:00-18:00
Call center
1287,
+998 78 140-00-88
Ish tartibi: DU-JU 09:00-18:00
Aktsiyadorlarga tezkor bog'lanish
+998 78 140-00-88
Ish tartibi: DU-JU 09:00-18:00

Qaror va ijro: “Har bir oila - tadbirkor”

Yangilangan sana: 25 Iyul 2019, 13:01
Qaror va ijro: “Har bir oila - tadbirkor”
25 Iyul 2019

“Trastbank”: yangi loyihalar madadkori

Moliya-bank tizimini rivojlantirish va isloh qilish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Buning natijasida esa tijorat banklarining resurs bazasi kengayib, ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va sifatini yanada yaxshilash imkonini beradi. Respublikada yetakchi moliya muassasalaridan biri – “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki ham bu jarayonda faol ishtirok etib, iqtisodiyotning real sektori korxonalari, qolaversa tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning oilaviy biznesi rivojiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Mamlakatimiz Prezidentining 2018 yil 7 iyundagi “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish to‘g‘risida”gi va 2019 yil 7 martdagi “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq, bugungi kunda “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki tomonidan oilaviy biznesni rivojlantirish va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan aholi va tadbirkorlik sub’ektlari hamda kam ta’minlangan oilalarning biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun 2019 yilning 1 iyul holatiga jami 68 mlrd. 630 mln.so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.

photo_2019-07-25_11-19-56.jpg

Jumladan, 2019 yilning 1 iyul holatiga 68 mlrd. 630mln.so‘m ajratilgan kreditlarning 9 mlrd. 960 mln. so‘m naslli qoramolchilikka, 3 mlrd. 951 mln.so‘mi parrandachilikni rivojlantirishga, 5 mlrd. 228 mln. so‘mi qo‘ychilikka, 157 mln. so‘mi echkichilikka, 1 mlrd. 800 mln. so‘mi asalarichilikka, 375 mln. so‘mi baliqchilikka, 870 mln. so‘mi quyonchilikka, 12 mlrd. 820 mln. so‘mi tikuvchilikka, 1 mlrd. 120 mln. so‘mi hunarmandchilik sohasiga, 200 mln. so‘mi bog‘dorchilikka, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasiga 25 mlrd. 980 mln. so‘m, shuningdek issiqxona qurilishi uchun 6 mlrd. 183 mln. so‘mlik mablag‘lar aholini tadbirkorlikka jalb etish maqsadlariga yo‘naltirildi. Pirovardida respublikamiz hududlarida oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi yangi korxonalar tashkil etilib, aholining bandlik darajasi oshirildi.

photo_2019-07-25_11-19-33.jpg

Xususan, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki joylarda aholini tadbirkorlikka jalb qilish, bu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, bandlikni ta’minlash, o‘z mehnati bilan daromad topish istagida bo‘lgan har bir tuman va shahar, jumladan, olis va tabiiy-iqlim sharoiti og‘ir hududlarda fuqarolarning tadbirkorlik qobiliyatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning istiqbolli loyihalarini o‘z vaqtida moliyalashtirishga katta e’tibor qaratmoqda.

Bunda bank tomonidan mehnatkash xalqimizning qadimiy kasb-hunar an’analari, ishbilarmonlik salohiyati, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilik va boshqa tadbirkorlik faoliyati turlarini ommalashtirish borasida aholini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ularning biznes rejalarini ro‘yobga chiqarish, aholi xonadonlaridagi ekin maydonlaridan unumli foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish orqali har bir oila a’zolarini ish bilan ta’minlashga qaratilgan loyihalarni rag‘batlantirish hamda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish orqali barqaror daromad manbaiga ega bo‘lish borasida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturi ijobiy samara bermoqda.

photo_2019-07-25_11-21-18.jpg

Ta’kidlash joizki, “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash bank jamoasining doimiy diqqat markazidadir. Unda belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, joriy yilning mart-iyul oylarida Andijon, Qashqadaryo, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida istiqomat qiluvchi aholini boqimandalik kayfiyatidan chiqarish, o‘z biznesini boshlash istagida bo‘lgan kam ta’minlangan 2170 ta jismoniy shaxslarga jami 5 mlrd. so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi.

photo_2019-07-25_11-19-47.jpg

“Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankining Andijon filiali tomonidan ham mazkur qarorlar ijrosini ta’minlash borasida samarali ishlar olib borilmoqda. Viloyatda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish maqsadida, Andijon shahrining 6 ta mahallalaridan jami 6836 ta xonadon o‘rganilib, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan 69 ta kam ta’minlangan oilalarga 800 mln. so‘m miqdorida bank kreditlari ajratildi.

photo_2019-07-25_11-20-03.jpg

– “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturi ijrosi doirasida Andijon viloyati aholisi, shuningdek kam ta’minlangan oilalarni tadbirkor qilish maqsadida filialimiz tomonidan imtiyozli kredit mablag‘larini ajratish rejalashtirilgan, - deydi “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankining Andijon filiali,kreditlash va moliyalashtirish bo‘limi investitsiya kreditlarini boshqarish bo‘yicha bosh mutaxassisi Shoxrux Rustamov. –Qolaversa, biz kredit bo‘limi mutaxassislari uyma-uy har bir xonadonga tashrif buyurib, aholining tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlar bo‘yicha atroflicha tushuntirish ishlarini amalga oshirdik.

photo_2019-07-25_11-21-04.jpg

Shu asnoda maxsus so‘rovlar ham o‘tkazilib, aholining tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish maqsadida biznes reja va ta’minot hujjatlarini tayyorlash borasida batafsil ma’lumotlar berib, kredit ajratish jarayoni bo‘yicha kunlik monitoring o‘rnatildi. Xususan, filialimiz tomonidan Andijon shahridagi 6836 ta xonadon o‘rganilib, 2019 yilning 1 iyul holatiga quyonchilikka 415 mln. so‘m, asalarichilikka 393 mln. so‘m, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tikuvchilikka 3 mlrd. 15 mln. so‘m, hunarmandchilikka 47 mln. so‘m, issiqxona qurilishi uchun 635 mln. so‘m, ishlab chiqarish sohasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2 mlrd. 700 mln. so‘m, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish uchun esa 1 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. Buning natijasida esa viloyatda 350 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga erishildi, - deya so‘zini yakunladi Shoxrux Rustamov.

“Micro star max” xususiy korxonasi rahbari Jo‘raboyev Aziz:

- Faoliyatimni shu yilning may oyidan boshladim, “Trastbank”ning Andijon filialidan 185 mln. so‘m miqdorida 8 foizli kredit olib, shlakoblok ishlab chiqaruvchi uskuna sotib oldim.Hozirgi kunda Andijon viloyati Asaka tumaniga turar-joy va ishlab chiqarish binolari qurilishi uchun shlakoblok yetkazib berishni yo‘lga qo‘yganmiz. Buning natijasida esa jami 5 ta yangi ish o‘rni yaratishga muvaffaq bo‘ldim, kelajakda rejalarim katta. Bankning Andijon filiali bilan hamkorlikni davom ettirib, kichik korxonamni 150 kishi mehnat qiluvchi katta bir zavod darajasiga chiqarishni niyat qilganman.

Maxmuda Najmiddinova – xususiy tadbirkor:

- O‘zim dizayner-modelerlikni bitirganman. O‘qib yurgan kezlarim, viloyatda tikuvchilik yo‘nalishida kichik xususiy korxona ochib, uyda o‘tirgan ayollarni ishga jalb qilgan holda, ularni ish bilan ta’minlashni niyat qilardim. O‘qishni bitirib, niyatlarim amalga oshishida “Trastbank”ning Andijon filiali ko‘makchi bo‘ldi. Filialning kredit bo‘limi mutaxassislariga biznes rejamni olib borganimda ular meni qo‘llab-quvvatlashdi. Bank filiali tomonidan 3 yil muddatga 8 foizlik 29 mln. so‘m miqdorida kredit ajratildi. Olgan kreditlarim evaziga tikuv mashinalari sotib olib, bugungi kunda viloyatda 20 ta yangi ish o‘rni yaratishga muvaffaq bo‘ldim.Albatta fursatdan foydalanib, meni xususiy tadbirkor bo‘lishimda ko‘makchi bo‘lgan “Trastbank”ning Andijon filialiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

photo_2019-07-25_11-20-28.jpg

- Kelajakda rejalarim katta. Bugungi kunda viloyat hokimiyati tomonidan menga yer ajratilgan. Hozirda qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Albatta, yaqin kunlar ichida kichik bir fabrikamni ishga tushirib, viloyatning 150 taga yaqin yoshlarini ishga jalb qilish niyatim bor. Bunda “Trastbank”ning Andijon filiali bilan hamkorlikni davom ettirib, yana kredit mablag‘laridan foydalanishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman.

photo_2019-07-25_11-20-20.jpg

Po‘latjon Iminov – xususiy tadbirkor:

- Quyonchilikda faoliyatimni joriy yilning may oyidan boshladim.“Har bir oila – tadbirkor”Dasturi doirasida “Trastbank”ning Andijon filialiga kredit so‘rab murojaat qildim. Biznes rejam filial mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, juda qisqa vaqt ichida 3 yil muddatga 8 foizlik kredit ajratildi. O‘zi yoshligimdan tovuq va quyon boqishga qiziqishim kuchli bo‘lgan. Shu sababli quyon ko‘paytirishni niyat qildim. Quyon juda tez ko‘payadigan jonivor hisoblanadi, yiliga 4-6 marta bolalaydi. Bo‘g‘ozlik davri 28-30 kun bo‘lib, 8-12 tagacha tug‘adi. Hozir quyonning “Oq velikan” va mahalliy “Qora jaydari” zotlarini boqyapmiz. O‘zim bilan birga yana1 kishi doimiy ish bilan band.



photo_2019-07-25_11-20-57.jpg
 

Quyonlar boquvga injiq emas. Asosan, sabzi, beda, arpa, bug‘doy berib boqiladi.Agar o‘z vaqtida profilaktika qilib turilsa, turli kasalliklarga chalinmay, tez katta bo‘ladi. Parvarish yaxshi bo‘lsa, urg‘ochisi to‘rt oyda 4,5-5 kilogrammgacha, erkagi 8-10 kilogrammgacha tosh bosadi. Bugungi kunda 1 kilogramm quyon go‘shti bozorda 40-50 ming atrofida turadi. Masalan, 100 bosh erkagi o‘rtacha 800-900 kilogramm go‘shtqiladi. Bu o‘rtacha 24-25 million so‘m foyda degani. Endilikda ularning terisini oshlash, qayta ishlashni o‘zlashtiryapman. Ochig‘i, hozircha foyda haqida gapirishimgavaqt bor. Chunki, shu paytgacha tushgan daromadni faoliyatimni rivojlantirishga yo‘naltiryapman.

photo_2019-07-25_11-20-41.jpg

- Shuningdek, quyon go‘shtida xolesterin moddasi kam bo‘lganligi sababli allergiya, gipertoniya, oshqozon, o‘t-pufak va jigar kasalligi bilan hastalangan kishilarga davo hisoblanadi. Eng muhimi, quyon go‘shti shirin ta’m bo‘lib, hamisha xaridorgirhisoblangan.

photo_2019-07-25_11-20-51.jpg

Xulosa qilib aytganda, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Davlat dasturlari ijrosida faol ishtirok etish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga moliyaviy madad berish orqali mamlakatimiz sanoat salohiyatini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. E’tiborlisi, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da bu boradagi ishlarni sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarish maqsadida amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bu esa uning moliya bozoridagi mavqeini yanada mustahkamlab, belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, xalqimiz turmush farovonligini yanada oshirish bilan bir qatorda, bank uchun yangi mijozlar paydo bo‘lishiga mustahkam zamin yaratadi.

Manba: Bank Axborot xizmati / Ko'rishlar: 949
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech