Joriy yilning 6 dekabr kuni “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Bosh ofisida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi “Trastbank” etakchilar kengashi va Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan bank yoshlarining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligiga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga taklif etilgan Toshkent davlat yuridik universiteti professori - yuridik fanlar doktori Omonulla Muxammadjonov, yig‘ilganlarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi, unga kiritilgan o‘zgartirishlar, Konstitutsiyaning xalqimizga tinch, obod va farovon hayot barpo etish, mamlakatimiz obro‘-e’tiborini jahon hamjamiyatida mustahkamlash hamda jamiyatdagi totuvlik va bag‘rikenglik uchun qonuniy asos bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Bu kabi tadbirlar bank yoshlariga Konstitutsiyaning mohiyatini va ahamiyatini tushuntirish, shuningdek ularning qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega, - deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi “Trastbank” etakchilar kengashining Raisi Aziz Ziyaev.
Tadbir ko‘tarinki kayfiyatda bank xodimlari o‘rtasida fikr almashuvlari asnosida bo‘lib o‘tdi.